Joriy yilning 18-iyun kuni Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi. “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunni dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, so‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, sohaga zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, sohada faoliyat olib borayotgan subyektlarning huquq va qonuniy manfaatlari himoyasini yanada kuchaytirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi va “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni eʼtirof etish to‘g‘risida”gi qonunlarga Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Vazirlar Mahkamasi huzuriga o‘tkazilganligi munosabati bilan amaldagi qonunchilikka muvofiqlashtirish bo‘yicha tahririy o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Shuningdek, “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunga Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi meva-sabzavotchilik yo‘nalishidagi mahsulot yetishtiruvchi, qayta ishlovchi subyektlar, issiqxona xo‘jaliklari hamda o‘z huquq va manfaatlarini ko‘zlab fuqarolik, iqtisodiy va maʼmuriy sudlarga kiritilgan daʼvolar va shikoyatlar yuzasidan davlat bojini to‘lashdan ozod etilishini nazarda tutadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Qonunning qabul qilinishi mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, meva-sabzavotchilik sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, agrar sohadagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining yaxlit tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.
Qo‘mita tomonidan xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining Agrar, suv xo‘jaligi va ekologiya masalalari bo‘yicha doimiy komissiyalari aʼzolari uchun seminar ham o‘tkazildi.
Seminarda dorivor o‘simliklarni yetishtirish, qayta ishlash, ularning eksport hajmini kengaytirish, ularga kvota ajratish hamda sohada ilmiy tadqiqotlar olib borilishi muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “bir tuman – bir mahsulot” tamoyili asosida dorivor o‘simliklar yetishtirishga ixtisoslashtirilgan 73 ta tumanda 2024- yilda 22,3 ming gektar maydonda 100 turdan ortiq dorivor o‘simliklar xomashyosi tayyorlangan.
Xitoy Xalq Respublikasiga dorivor o‘simliklarni eksport qilish bo‘yicha fitosanitar ruxsatnoma olingan hamda 71 ta eksportyor korxona eksport qilish reyestrga kiritilgan.
Amalga oshirilayotgan ishlar bilan birga dorivor o‘simliklarning davlat kadastri to‘laqonli yuritilmayotganligi, sohada ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda ularning natijalarini tijoratlashtirish, dorivor o‘simliklar xomashyosi hamda ulardan olinadigan mahsulotlarni sertifikatlash va standartlashtirish laboratoriyalarini tashkil etish kabi masalalarga eʼtibor qaratish lozimligi qayd etildi.