Taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham bu – ilm-fan, ta’lim va tarbiyadir. Ertangi kunimiz, Vatanimizning yorug‘ istiqboli, birinchi navbatda, ta’lim tizimi va farzandlarimizga berayotgan tarbiyamiz bilan chambarchas bog‘liq. Ilm-fanni rivojlantirmasdan, bugungi shiddatli zamonda raqobatga dosh berish juda mushkul. Shu bois mamlakatimizda istiqlol yillarida ayniqsa keyingi o‘n yilda milliy ta’lim tizimini tubdan isloh qilish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilandi.
Bugungi kunda mamlakatimizda oliy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlar ham e’tiborga molik. Bundan ko‘zlangan maqsad, yoshlarning sifatli bilim olishiga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash, oliygohlar nufuzini oshirish va sohani to‘liq raqamlashtirishga qaratilgan.
Mamlakatimiz oliy ta’lim tizimi nafaqat qamrov, balki ta’lim sifati borasida ham misli ko‘rilmagan ko‘rsatkichlarni qayd etdi. Buni rasmiy statistik ma’lumotlar ham yaqqol tasdiqlaydi. 2016 yilga qadar mamlakatimizda bor-yo‘g‘i 77 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritgan bo‘lsa, olib borilgan izchil siyosat natijasida 2026/2027 o‘quv yili boshiga kelib ularning soni 215 taga yetdi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, yurtimizda nodavlat (xususiy) oliy ta’lim muassasalari faoliyatiga keng yo‘l ochib berilgani oliy ta’lim sohasida inqilobiy o‘zgarish bo‘ldi. Tabiiyki bu tarixiy o‘zgarish sohada sog‘lom raqobat muhitini shakllantirdi. Yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi ham oshdi.
Uzoqni ko‘zlab amalga oshirilgan izchil ta’limiy islohotlar va tadbirkorlik sub’yektlariga berilgan imtiyozlar natijasida mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari soni 97 taga yetdi. Bugungi kunda respublikadagi jami talabalarning sezilarli qismi aynan xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa davlat byudjetiga tushadigan yuklamani kamaytirish bilan birga, investitsiyalarni ilm-fan sohasiga yo‘naltirish imkonini berdi.
E’tiborga molik jihati, nodavlat oliygohlar mehnat bozoridagi eng xaridorgir yo‘nalishlar — IT, raqamli iqtisodiyot, zamonaviy boshqaruv, tibbiyot va muhandislik sohalari bo‘yicha kadrlar tayyorlashni tezkorlik bilan yo‘lga qo‘ymoqda. Ular xorijiy yetakchi universitetlarning o‘quv dasturlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri joriy etish orqali amaliyotga yo‘naltirilgan mutaxassislar yetishtirmoqda.
Islohotlarning boshlang‘ich davrida yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi atigi 9 foizni tashkil etar edi. Ko‘rilgan tizimli chora-tadbirlar evaziga bu ko‘rsatkich 47 foizdan oshdi va yaqin yillarda 50 foizlik marrani zabt etish maqsad qilingan. Respublika oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan jami talabalar soni 1,5 million nafardan oshib, mustaqillik tarixidagi rekord ko‘rsatkichga yetdi. Bakalavriatva magistratura bosqichlariga qabul kvotalari yil sayin sezilarli darajada kengaymoqda.
Xususan, yangi o‘quv yilida oliy ta’lim tashkilotlariga qabul qilingan talabalar soni 409,7 ming nafarni tashkil etdi. E’tiborlisi, qabul qilinganlarning 55,4 foizini (226,8 ming nafar) xotin-qizlar tashkil etib, jamiyatda ayollarning ilm-fanga bo‘lgan intilishi davlat tomonidan yuksak darajada qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Shuningdek, yurtimizda yaratilgan zamonaviy ta’lim muhiti xorijlik yoshlarni ham o‘ziga jalb etmoqda. Olib borilgan islohotlar natijasida O‘zbekistonga bilim olish uchun kelgan xorijlik talabalar soni 21 mingdan oshib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,2 barobarga ko‘paydi. Bu yurtimiz ta’lim brendi xalqaro miqyosda tan olinayotganining yaqqol isbotidir.
Oliy ta’lim tizimining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, professor-o‘qituvchilarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish hamda ta’lim jarayoniga ilg‘or “HEMIS” va kredit-modul tizimlarini joriy etish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Maqsad — faqat diplomli kadr tayyorlash emas, balki Vatan taqdiri uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga ola biladigan, mustaqil fikrlaydigan yurt farzandlarini kamolga yetkazish.
Xulosa qilib aytganda, mustaqillik bizga eng avvalo o‘z taqdirimiz va kelajagimizni o‘z qo‘limiz bilan bunyod etishdek ulug‘ imkoniyatni berdi. Bu yo‘lda eng katta kuch — ilm, tafakkur va ma’rifatdir. Bugun oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar ham ana shu ezgu maqsadga xizmat qilmoqda. Zero, Uchinchi Renessansning mustahkam poydevori avvalo ilm maskanlarida, erkin fikrlaydigan, zamonaviy bilim va yuksak salohiyatga ega avlod orqali bunyod etiladi. Bugun yosh avlodga yaratilgan har bir imkoniyat, ertangi taraqqiyotimizning mustahkam zaminidir.