Shahrisabzda “Iroqi” xalqaro kashtachilik festivali

13–15-avgust kunlari Shahrisabz shahrida “Iroqi” xalqaro kashtachilik festivali o‘tkazilmoqda. Tadbir Qashqadaryo viloyati hokimligi, “Hunarmand” uyushmasi, “Amaliy san’at ijodiy birlashmasi” va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan. Festival milliy kashtachilik an’analarini asrab-avaylash, rivojlantirish va xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, shuningdek, mahalliy va xorijiy ustalar o‘rtasida tajriba almashinuvini kuchaytirishga qaratilgan. 

Festivalning aynan Shahrisabzda o‘tkazilishi bejiz emas. Shahar qadimdan O‘zbekiston kashtachiligining muhim markazlaridan biri bo‘lib kelgan. Ayniqsa, iroqi usuli Shahrisabz va Qarshi chevarlari ijodiga xos qadimiy kashtachilik usullaridan biri hisoblanadi. Unda naqshlar “xoch” va “yarim xoch” shaklidagi choklar yordamida hosil qilinadi. Shahrisabzning mashhur iroqi do‘ppilari esa gilamni eslatuvchi zich va rang-barang naqshlari bilan ajralib turadi. 

Shahrisabz iroqi kashtachiligining tarixiy namunalari bugungi kungacha muzey fondlarida saqlanadi. Masalan, O‘zbekiston davlat san’at muzeyi to‘plamida XX asr boshlariga oid Shahrisabzda ipak iplar bilan iroqi chokida ishlangan ayollar ko‘ylagi yoqa bezaklari mavjud. Bu iroqi usulining faqat do‘ppilarda emas, kiyim-kechak bezaklarida ham qo‘llanganini ko‘rsatadi. 

Bu yilgi festival dasturi ham keng qamrovli. Unda mahalliy va xorijiy hunarmandlarning ko‘rgazma-savdolari, kashtachilik namunalari namoyishi va mahorat darslari tashkil etiladi. Shuningdek, milliy liboslar va kashtachilik namunalari asosidagi moda namoyishlari, madaniy-ma’rifiy tadbirlar hamda festival g‘oliblarini taqdirlash marosimi rejalashtirilgan. 

Festival doirasida “O‘zbekiston kashtachiligi san’atini rivojlantirishda an’anaviy va kreativ yondashuv” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani ham o‘tkaziladi. Unda an’anaviy kashtachilik maktablarini saqlash bilan birga, ularni zamonaviy dizayn va ijodiy yondashuvlar asosida rivojlantirish masalalari muhokama qilinishi ko‘zda tutilgan. 

Yana bir muhim jihat - festival doirasida Shahrisabz va Samarqand shaharlariga “Butunjahon Hunarmandlar shahri” maqomini olish bo‘yicha taqdimot va tashkiliy ishlar ham amalga oshirilishi rejalashtirilgan. 

“Iroqi” festivali shu tariqa nafaqat hunarmandlar ko‘rgazmasi, balki asrlar davomida avloddan avlodga o‘tib kelayotgan kashtachilik maktablarini namoyish etish, usta-shogird an’analarini davom ettirish va O‘zbekiston amaliy san’atini xalqaro maydonda kengroq tanitishga xizmat qiladigan madaniy maydonga aylanmoqda. 

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish