Andijon viloyatining turizm salohiyatini yangi bosqichga ko‘tarish vazifasi qo‘yildi

16.04.2025 20:25
30

Barchamiz ko‘rib guvohi bo‘lganimizdek, shu yilning 16 aprel kuni Buloqboshi tumanida Prezidentimiz raisligida Andijon viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi. Unda viloyatda olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha eng muhim vazifalar belgilab berildi.


Yig‘ilishda bugun butun dunyo mamlakatlarida iqtisodiyotning drayveri sifatida alohida e’tibor qaratilayotgan turizm sohasida belgilangan vazifalar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchiman. Davlatimiz rahbari tomonidan Andijonda turizm salohiyati yuqori ekani ta’kidlandi. Xonoboddagi Kampirovot, Buloqboshidagi Shirmanbuloq, Xo‘jaoboddagi Tosh ota mahallalarida turizm maskanlari tashkil qilish, bu yil sohada 125 million dollarlik 25 ta loyihani yakunlash, 3,5 million xorijiy va mahalliy sayyoh jalb qilib, turizm eksportini 200 million dollardan oshirish vazifasi qo‘yildi.


Tan olish kerak, O‘zbekiston so‘nggi yillarda turizmni strategik sohalardan biriga aylantirdi. Biroq sayyohlar oqimini sezilarli ravishda ko‘paytirish uchun aniq va uzviy chora-tadbirlar tizimi zarur.


Ana shulardan kelib chiqqan holda shu yilning 9 aprel kuni Prezidentimiz raisligida hududlarning turizm salohiyatini oshirish, xorijiy investitsiya loyihalarini jadallashtirish masalalari muhokamasi bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida sohani yanada rivojlantirish, sayyohlar oqimini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.


Xususan, milliy turizm yagona platformasi ishlab chiqilayotganini va elektron viza berish, chipta olish jarayonlari ham ulanib, barcha tarixiy obidalarga kirish imkonini beradigan “yagona turistik karta” joriy qilinishi aytib o‘tildi. Ay­tish kerakki, bu juda katta qad­amdir.


E’tiborga molik jihati — yagona platforma orqali xorijiy turistlar uchun yangi imkoniyatlar paydo bo‘ladi. Platformada foydalanuvchilar mehmonxonalarni bron qilish va baholash, turoperatorlar, gidlar va ularning xizmatlariga buyurtma berish, transport va attraksionlar uchun chiptalar xarid qilish, xalqaro va milliy to‘lov tizimlari orqali sayohat xizmatlari uchun haq to‘lash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Platforma 14 tilda mavjud bo‘lib, real vaqt rejimida turizm sohasi bo‘yicha ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilishni ta’minlaydi. Umuman olganda, bu orqali mamlakatimizga kelayotgan har bir sayyoh uchun maksimal qulaylik yaratishga e’tibor qaratilmoqda.


Yagona turistik karta ham sayyohlarga O‘zbekistonning barcha tarixiy va madaniy yodgorliklariga erkin kirish imkonini taqdim etadi. Karta orqali sayyohlar mamlakatning eng mashhur tarixiy va madaniyatga oid obidalarga qulay va oson tashrif buyurishlari mumkin.


Sayyohlar oqimini ko‘paytirishning yana bir muhim omili bu targ‘ibot va raqamli marketingdir. Bu nima degani? O‘zimizdan misol: biror davlatga bormoqchi bo‘lsak, avval o‘sha mamlakatni onlayn izlaymiz. Ya’ni XXI asr sayyohi joyni avvalo internetdan qidiradi. Demak, buning uchun bir nechta tillardagi veb-saytlar va mobil ilovalarni rivojlantirish lozim. YouTube, Instagram kabi platformalarda faol va sifatli kontentlarni ko‘paytirish kerak. Shuningdek, xalqaro bloger va inflyuenserlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ham kutilgan natijaga erishish samaradorligini oshiradi.


Xulosa qilib aytganda, Andijonning turizm salohiyati yuqori. Faqatgina qo‘yilgan vazifalarga to‘g‘ri yondashib, tizimli amalga oshirilsa, ko‘zlangan marraga belgilangan muddatda erishish mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish