BMTning yuksak minbaridan yangragan global tashabbuslar

24.09.2025 12:00
4847

Prezidentimiz har gal BMTdagi chiqishlarida ham mintaqa, ham global miqyosdagi eng dolzarb masalalar yuzasidan ilg‘or tashabbuslarni bayon qiladi. Ushbu tashabbuslar BMT va unga a’zo davlatlar tomonidan keng qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda.

Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasidagi nutqida ham nafaqat mamlakat tashqi va ichki siyosatining asosiy yo‘nalishlarini aniq belgilab berdi, balki muhim masalalar bo‘yicha aniq, pragmatik takliflarni bildirdi. Bu nutq mintaqaviy barqarorlik va global mas’uliyatni uyg‘unlashtirishda O‘zbekistonning ahamiyatli rolini namoyon etdi.

Ushbu tarixiy nutqda iqtisodiy, ijtimoiy, transport, energetika, terrorizmga qarshi kurashish, ekologiya va suv resurslaridan samarali foydalanish, axborot texnologiyalari hamda yoshlar masalalariga oid ilgari surilgan 10 dan ortiq takliflar o‘ta dolzarbligi bilan barchada qiziqish uyg‘otdi. Zero, u strategik fikrlash, global va mintaqaviy siyosiy masalalarga munosabat hamda O‘zbekistonning jahon siyosiy maydonidagi roli haqida qat’iy va ravshan qarashlarni aks ettirdi.

Xususan, tobora o‘tkir tus olayotgan iqlim o‘zgarishi muammolariga alohida to‘xtalilib, Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlari jahon hamjamiyatining doimiy diqqat markazida bo‘lishi lozimligi, Orolbo‘yi ekotizimini qayta tiklash bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilayotgani urg‘ulandi.

Darhaqiqat, so‘nggi yillarda dengizning qurigan tubida 2 million gektar maydonda sho‘rga chidamli cho‘l o‘simliklari ekildi. Orol fojiasidan jabrlanayotgan aholining yashash sharoitini tubdan yaxshilash, ijtimoiy muammolarni adolatli hal etish, odamlarni rozi qilish borasida manzilli dasturlar amalga oshirildi. 2030 yilga qadar ushbu hududning 80 foiz qismida yashil qoplamalar hosil qilinadi.

Yana bir muhim masala — global iqlim o‘zgarishi, aholi soni va iqtisodiyot tarmoqlarining o‘sishi suvga bo‘lgan talabni tobora oshirmoqda. Natijada suv resurslarining taqchilligi yil sayin kuchayib bormoqda. Masalan, hozirda dunyo aholisining ikki milliarddan ortig‘i toza ichimlik suviga ega emas.

Mamlakatimiz Prezidenti o‘z nutqida ushbu masalaga e’tibor qaratib, yurtimizda “Suvni tejash bo‘yicha Butunjahon forumi”ni o‘tkazishni taklif qildi. Bu juda muhim tashabbus bo‘lib, nafaqat mamlakatning ichki ehtiyojlari, balki mintaqaviy muammolarni ham hal etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Ekologik o‘zgarishlarning yana bir salbiy ko‘rinishi – iqlim migratsiyasining kuchayib borayotganidir. Afsuski, ushbu yo‘nalishda aniq xalqaro mexanizmlar va huquqiy baza hanuzgacha yaratilmagan. Shu bois bu jiddiy masalada keng xalqaro sheriklik va muvofiqlashtirilgan siyosat yuritish bo‘yicha Global pakt qabul qilish taklifi ilgari surildi.

BMTning yuksak minbaridan aytilgan so‘zlar O‘zbekiston tashqi siyosatining ekologik va iqlim o‘zgarishi hamda suv taqchilligi masalalarini global kun tartibiga olib chiqayotganini yana bir bor ko‘rsatdi. Suvni asrash, Orol saboqlaridan to‘g‘ri xulosa chiqarish bugun butun dunyo oldida turgan eng katta sinovdir.

Umuman olganda, ushbu tarixiy nutq xalqaro jamoatchilik uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lib, Yangi O‘zbekistonning dunyodagi barcha mamlakatlar bilan o‘zaro hamjihatlik, ochiq muloqot va yaqin sheriklik tarafdori ekanini yaqqol namoyon etdi. Ilgari surilgan tashabbuslar mamlakatning xalqaro hamjamiyat bilan har tomonlama strategik sherikligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, shubhasiz.

 
 
Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish