Bolalar va xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha yangi kafolatlar joriy etilmoqda

 

Oliy Majlis Senatining 15-yalpi majlisida bolalar hamda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarning huquqlarini yanada ishonchli himoya qilishga qaratilgan qonun ma’qullandi.

 

Yangi qonun mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, oila institutini mustahkamlash hamda ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish yo‘lida navbatdagi muhim qadam sifatida e’tirof etilmoqda.

 

Qonunning eng muhim yangiliklaridan biri - “bolaning eng ustun manfaatlari” tamoyilining qonunchilik darajasida mustahkamlanishidir. Endilikda bolaga oid har qanday qaror yoki masala ko‘rib chiqilganda uning manfaatlari ustuvor mezon sifatida inobatga olinadi.

 

Shuningdek, Oila kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, bola o‘z huquqlari va manfaatlariga daxldor masalalar muhokama qilinayotganda fikrini erkin bildirish huquqiga ega bo‘ladi. Bu esa bolalarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash va ularning ovozini eshitish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

 

Qonun bilan tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari ham sezilarli darajada kuchaytirilmoqda. Xususan, Ijtimoiy himoya milliy agentligiga jabrlanuvchilarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudlarga murojaat qilish va sud jarayonlarida ularning vakili sifatida qatnashish vakolati berilmoqda.

 

Yana bir muhim yangilik - zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan shaxslarning maxsus himoya markazlarida bo‘lish davri bilan bog‘liq ijtimoiy kafolatlarning aniqlashtirilishidir. Qonunga ko‘ra, maxsus markazga joylashtirilgan fuqarolarga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasi berish tartibi ham belgilanmoqda.

 

Mutaxassislar fikricha, ushbu o‘zgarishlar bolalar va xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish tizimini yangi bosqichga olib chiqadi. Eng muhimi, qonun jamiyatda insonparvarlik, adolat va ijtimoiy himoya tamoyillarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

 

Muhokamalar yakunida senatorlar mazkur qonunni ma’qulladilar.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish