Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi

Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari yana-da takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga soliq va tadbirkorlik sohasidagi huquqiy munosabatlarni takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar dastlabki tarzda muhokama etildi.

Taʼkidlanganidek, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga soliq va tadbirkorlik sohasidagi huquqiy munosabatlarni takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun bilan Jinoyat kodeksiga, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga soliq sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik kuchaytirilishini nazarda tutadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, soliqlarni yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun javobgarlikka sabab bo‘ladigan zararning o‘rni sudga qadar bo‘lgan bosqichda va sud muhokamaci davomida to‘liq qoplangan taqdirda javobgarlikdan ozod etilishi belgilanmoqda.

Qo‘mita aʼzolari o‘z chiqishlarida mazkur Qonun tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga xizmat qilishini qayd etdi.

Bundan tashqari, Qonunda soliq sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish, soliq tushumlarining barqarorligini taʼminlash, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun teng raqobat sharoitlarini yaratish hamda amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy jihatdan taʼminlanishini takomillashtirish maqsadlari ham nazarda tutilgan.

Shuningdek, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari yana-da takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun bilan bir qator qonun va kodekslarga litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Majlisda qayd etilganidek, ushbu Qonun litsenziyalash tartib-taomillari davlat xizmatlari markazlari orqali ham amalga oshirilishini taʼminlashga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirish hamda litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari soddalashtirilmoqda.

Mazkur qonunlar senatorlar tomonidan qizg‘in muhokama qilindi hamda ularning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda qulay shart-sharoitlar yaratishi, iqtisodiyotni jadal rivojlantirishga, shuningdek, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda byurokratizmni va maʼmuriy to‘siqlarni bartaraf etishi, shu jumladan aholining masofadan turib elektron davlat xizmatlaridan mustaqil ravishda foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish darajasini oshirishi jihatidan muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish