Prezident Shavkat Mirziyoyevga davlat idoralarining aholi bilan muloqotini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot berildi.
Uchrashuvda mamlakatda olib borilayotgan islohotlar jarayonida fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish muhim ekani ta’kidlandi. Xususan, Xalq qabulxonalari faoliyatini kuchaytirish, ularning imkoniyatlarini kengaytirish, zamonaviy yondashuvlarni joriy etish hamda jamoatchilik fikrini chuqur o‘rganish masalalariga e’tibor qaratildi.
Aholining kayfiyati, ehtiyoji va muammolarini aniq bilish uchun professional sotsiologik va tahliliy usullardan foydalanish zarurligi qayd etildi. Bu islohotlar samaradorligini baholash va kelgusidagi rivojlanish dasturlarini to‘g‘ri belgilashda muhim omil ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Prezident xalq bilan muloqot madaniyatini yuksaltirish, fuqarolarni eshitish va ularning fikrini inobatga olib qaror qabul qilish davlat idoralari faoliyatida asosiy mezon bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Shuningdek, fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarga tezkor javob berish bilan birga, ularni tizimli tahlil qilish, sotsiologik tadqiqotlar natijalari bilan solishtirib, aniq yechimlar ishlab chiqish zarurligi qayd etildi. Bu orqali davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash muhim ekani aytildi.
Yig‘ilishda hokimiyat va aholi o‘rtasidagi doimiy muloqotning institutsional asoslarini mustahkamlash, jamoatchilik fikrini o‘rganish tizimi bilan bog‘langan zamonaviy muloqot modelini shakllantirish muhimligi ta’kidlandi.
Yakunda mas’ullarga xalq bilan muloqot mexanizmlarini yanada takomillashtirish va fuqarolar murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.