Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Davlat mudofaa buyurtmasi to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, Qonun mamlakatimizda mudofaa qobiliyatini, xavfsizlikni taʼminlash va jamoat tartibini saqlash, favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularni bartaraf etish, favqulodda holat rejimini saqlab turish, shuningdek, davlat sirlari bilan bog‘liq bo‘lgan davlat mudofaa buyurtmalariga oid munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.
Qonunda mamlakatning milliy manfaatlaridan, jahondagi va mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyatdan, harbiy sohada milliy xavfsizlikka bo‘lgan tahdidlar darajasidan, zamonaviy harbiy mojarolarning xususiyatidan kelib chiqqan holda, davlat mudofaa buyurtmasini shakllantirish, tasdiqlash va bajarish, shuningdek, davlat mudofaa buyurtmasi uchun ajratilgan moliyaviy resurslardan maqsadli va samarali foydalanilishini taʼminlash davlat mudofaa buyurtmasining asosiy vazifalari etib belgilanmoqda;
Bundan tashqari, mazkur hujjatda davlat mudofaa buyurtmasi sohasidagi davlat boshqaruvi tartibga solinmoqda. Xususan, Vazirlar Mahkamasining, Mudofaa vazirligi huzuridagi Mudofaa sanoati agentligining, vakolatli davlat organining, shuningdek, buyurtmachilarning sohadagi vakolatlari aniq belgilab qo‘yilmoqda. Bunda Vazirlar Mahkamasi davlat mudofaa buyurtmasi sohasidagi yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlashi, davlat mudofaa buyurtmasini shakllantirish, kelishish va bajarish tartibini tasdiqlashi mustahkamlab qo‘yilmoqda.
Shuningdek, Qonunda Davlat mudofaa buyurtmasini shakllantirish va kelishish tartibga solinmoqda. Jumladan, navbatdagi yil uchun zarur bo‘lgan harbiy va ikki xil maqsadga mo‘ljallangan mahsulotlar uchun buyurtmachilar tomonidan tayyorlangan buyurtmanomalar moliyalashtirish masalalari bo‘yicha Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilganidan keyin vakolatli davlat organiga har yili 1 iyulga qadar yuborilishi belgilanmoqda.
Mazkur Qonunda Davlat mudofaa buyurtmasini maxsus vakolatli komissiya tomonidan ko‘rib chiqish va tasdiqlash tartibi ko‘rsatilib, Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan davlat mudofaa buyurtmasi navbatdagi yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqishda inobatga olinishi belgilanmoqda.
Senatorlar qayd etganidek, Qonunning qabul qilinishi davlat mudofaa buyurtmalarini shakllantirish, kelishish, tasdiqlash va bajarishga oid munosabatlarni tartibga solishning yagona huquqiy mexanizmi yaratilishiga xizmat qiladi. Shuningdek, hujjat mudofaa va xavfsizlik borasidagi ehtiyojlarni samarali tahlil qilish, taʼminlanishi lozim bo‘lgan mahsulotlar orasidan ustuvorlarini belgilash hamda Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar mutanosib ravishda shakllantirishga ko‘maklashadi.
Muhokamadan so‘ng Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.