Dunyo hamjamiyatini muloqot va hamkorlikka chaqirgan tarixiy nutq

10.04.2025 16:00
19

Qariyb bir hafta davomida poytaxtimiz Parlamentlararo Ittifoqlarning 150-Assambleyasiga munosib tarzda mezbonlik qildi.

Ayniqsa, ushbu tadbirda davlatimiz rahbari ishtirok etib, nutq so‘zlagani tarixiy voqea bo‘ldi. E’tiborga molik jihati – Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan muhim tashabbuslar Parlamentlararo Ittifoq a’zolari tomonidan iliq kutib olindi va yuqori baholandi. Misol uchun, Parlamentlararo Ittifoq Prezidenti Tulia Ekson davlatimiz rahbarining nutqi Toshkent deklaratsiyasining asoslaridan biriga aylangani, Yangi O‘zbekiston ayni paytda nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun dunyoda o‘z so‘zi va qat’iy pozitsiyasiga ega bo‘lib borayotgani va ushbu yutuqlarning asosiy muallifi sifatida Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni e’tirof etdi. Haqiqatan ham, nutq nafaqat Yangi O‘zbekistonning siyosiy pozitsiyasini, balki global muammolarga bo‘lgan yondashuvini ham yaqqol namoyon etdi.

Nutqda xalqaro munosabatlarda o‘zaro ishonch va muloqot madaniyatini mustahkamlash masalasiga alohida urg‘u berilgan. Bu esa ayni paytda dunyodagi geosiyosiy taranglik va qarama-qarshiliklarni yumshatishda muhim ahamiyat kasb etadi, albatta.

Shuningdek, davlatimiz rahbari barqaror rivojlanish, iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi, inson huquqlari va gender tengligi masalalariga to‘xtalib o‘tdi. Ta’kidlash joizki, global muammolarga bunday keng qamrovli va konstruktiv yondashuv O‘zbekistonning xalqaro maydonda faol va mas’uliyatli ishtirokchi ekanligini yana bir bor namoyon etdi. Zotan, Toshkent deklaratsiyasi mohiyatida ham ushbu tamoyil mujassam desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ya’ni, hujjatda parlamentlarning global muammolarga faol yondashishi va birgalikda yechim topish masalasi orqali ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik barqaror rivojlanishga xizmat qilishi belgilangan.

Tarixiy nutqda yoshlar masalasi va ularning siyosiy, ijtimoiy hayotdagi faol ishtirokini ta’minlash borasida ham istiqbolli tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, milliy parlamentlar hamda Ittifoq faoliyatiga yoshlarni faol jalb etib, doimiy muloqotni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Bu borada Parlamentlararo Ittifoq tizimi doirasida Yoshlar parlamentlari global platformasini tashkil etish va uning ta’sis forumini O‘zbekistonda o‘tkazish taklifi bildirildi. Bu esa o‘z navbatida, yosh avlodning parlament faoliyatidagi ishtirokini rag‘batlantirish g‘oyasi, global miqyosda yangi, zamonaviy va ochiq siyosiy madaniyatni shakllantirishga xizmat qiladi.

Umuman olganda, Prezidentimiz nutqi o‘z mazmuni va ruhi bilan dunyo hamjamiyatini muloqot va hamkorlikka, umuminsoniy qadriyatlarni himoya qilishga qaratilgani bilan tarixiy ahamiyatga egadir. Nutqdagi real taklif va tashabbuslar esa amaliy jihatdan xalqaro siyosatga yangi ijobiy ruh va konstruktiv yondashuv olib kirmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish