Elektron tijoratni rivojlantirishga qaratilgan qonun ma’qullandi

 

Oliy Majlis Senatining 15-yalpi majlisida elektron tijorat sohasini yanada rivojlantirish va tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qonun ko‘rib chiqilib, ma’qullandi.

 

So‘nggi yillarda mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish va elektron savdo hajmini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Elektron tijorat bozorining jadal kengayishi esa ushbu sohani tartibga soluvchi huquqiy mexanizmlarni zamon talablari asosida takomillashtirishni talab etmoqda.

 

Shu maqsadda qabul qilingan qonun bilan Soliq kodeksi hamda “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi Qonunga bir qator muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ular elektron tijoratda to‘lovlarni amalga oshirish, transchegaraviy savdo jarayonlarini tartibga solish, raqamli mahsulotlar eksporti va importining o‘ziga xos jihatlarini belgilashga qaratilgan.

 

Qonunning muhim jihatlaridan biri iste’molchilar huquqlarini yanada ishonchli himoya qilishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Endilikda ayrim holatlarda sotuvchi o‘z majburiyatlarini bajarmagan yoki iste’molchining qonuniy talablarini qondira olmagan taqdirda elektron tijorat operatorining subsidiar javobgarligi ham nazarda tutilmoqda.

 

Senatorlar ta’kidlaganidek, yangi normalar fuqarolarning xavfsiz va ishonchli onlayn savdo xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi. Shuningdek, elektron savdo bozorida shaffoflikni oshirish, xalqaro standartlarga mos huquqiy muhit yaratish hamda tadbirkorlik faoliyati uchun qulay sharoitlarni shakllantirishga xizmat qiladi.

 

Qonun bilan nazarda tutilgan chora-tadbirlar mahalliy va xorijiy sotuvchilar uchun teng raqobat sharoitlarini yaratish, transchegaraviy elektron savdo jarayonlarida soliq tushumlarining to‘liq hisobga olinishini ta’minlash hamda elektron platformalarning soliq agenti sifatidagi rolini kuchaytirishga qaratilgan.

 

 

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish