Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun muhokama qilindi.
Yangi qonun fuqarolarning huquqlarini yanada ishonchli himoya qilish, maʼmuriy ishlarni ko‘rib chiqish jarayonida adolat va xolislikni taʼminlash hamda ayrim huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Qonundagi eng eʼtiborli yangiliklardan biri ikkilamchi avtomobil bozoriga taalluqlidir. Endilikda avtomobilning bosib o‘tgan masofasini ko‘rsatuvchi odometr ko‘rsatkichlari o‘zgartirilgani yoki almashtirilgani haqida xaridorga maʼlumot bermagan shaxslarga nisbatan maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda.
Mazkur norma avtomobil xaridorlarining huquqlarini himoya qilish, bozordagi firibgarlik holatlarining oldini olish hamda savdo jarayonlarida shaffoflikni taʼminlashga xizmat qiladi.
Qonun bilan voyaga yetmaganlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar ham joriy etilmoqda. Xususan, maʼmuriy huquqbuzarlik ishlari ko‘rib chiqilayotganda voyaga yetmagan shaxs ishtirok etsa, pedagog yoki psixologning qatnashishi majburiy etib belgilanmoqda.
Bu esa bolalarning ruhiy holatini hisobga olish, ularga nisbatan bosim o‘tkazilishining oldini olish hamda xalqaro standartlarga mos huquqiy himoyani taʼminlash imkonini beradi.
Shuningdek, maʼmuriy ish yuritish amaliyotida “rad qilish” va “o‘zini o‘zi rad etish” institutlari alohida tartibda mustahkamlanmoqda. Ushbu mexanizm ishni ko‘rib chiqayotgan mansabdor shaxs yoki sudyaning manfaatdorligini bartaraf etish hamda qarorlarning xolisligini taʼminlashga qaratilgan.
Qonun transport vositasini boshqarish yoki ov qilish huquqidan mahrum etilgan shaxslarga nisbatan qo‘llaniladigan ayrim tartiblarni ham aniqlashtirmoqda. Huquqdan mahrum qilish muddatini qisqartirish masalasi faqat sud tomonidan va qatʼiy belgilangan mezonlar asosida ko‘rib chiqiladi.
Senatorlar taʼkidlaganidek, yangi normalar maʼmuriy javobgarlik tizimida insonparvarlik, shaffoflik va adolat tamoyillarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.