Energiya sohasida tartib kuchaymoqda

Oliy Majlis Senatining o‘n birinchi yalpi majlisida yoqilg‘i-energetika sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘yicha muhim qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Mazkur hujjat orqali Jinoyat kodeksi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Senatorlar ta’kidlaganidek, so‘nggi yillarda energiya resurslaridan noto‘g‘ri foydalanish, elektr va gaz tarmoqlaridagi noqonuniy ulanish holatlarini kamaytirish, shuningdek, energiyani tejash madaniyatini shakllantirish dolzarb masalaga aylangan. Shu bois, ushbu qonun orqali tizimli nazoratni kuchaytirish va resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlash maqsad qilingan.

Yangi o‘zgartirishlarga ko‘ra, elektr, issiqlik energiyasi, gaz va suv tarmoqlaridan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi. Bu esa energiya yo‘qotishlarini kamaytirish va adolatli iste’mol tizimini yaratishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik kodeksiga kiritilgan yangiliklar yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yoqilg‘i-energetika resurslaridan foydalanishdagi tartibni mustahkamlash, amaliyotdagi noaniqliklarni bartaraf etish hamda jazolarning ta’sirchanligini oshirishga qaratilgan.

Senatorlar qayd etishicha, mazkur qonun energetika sohasidagi intizomni mustahkamlabgina qolmay, tejab qolingan energiya resurslarini sanoatning boshqa yo‘nalishlariga yo‘naltirish, eksport hajmini oshirish va importga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirishga xizmat qiladi.

Majlis yakunida senatorlar tomonidan qonun bir ovozdan ma’qullandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish