Ikki tomonlama bitimlarni ratifikatsiya qilish bilan bog‘liq qonunlar muhokama qilindi

Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining majlisida muhim qonunlar dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Muhokamada senatorlar, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining doimiy komissiyalari aʼzolari, mutaxassis va ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Dastlab “O‘zbekiston Respublikasi bilan Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi Bitimni (Toshkent, 2024-yil 27-sentabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun atroflicha muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, Qonun bilan ratifikatsiya qilinayotgan Bitimda ikki davlat o‘rtasida fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, har ikki davlat fuqarolarini bir-birining hududida teng huquqiy himoya bilan taʼminlash hamda fuqarolik va iqtisodiy masalalar yuzasidan sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish imkoniyatini yaratish nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, fuqarolar o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nizolarni hal etish, sud hujjatlarini tan olish va ijro etish kabi masalalar bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatish tartibi ham belgilanmoqda.

Senatorlar tomonidan Qonunning qabul qilinishi ikki mamlakat o‘rtasida fuqarolik va iqtisodiy sohalarda huquqiy yordam ko‘rsatishga qaratilgan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi qayd etildi.

Shuningdek, majlis davomida “Turkiy davlatlar tashkilotining Fuqaro muhofazasi mexanizmini tashkil etish to‘g‘risidagi Bitimni (Bishkek, 2024-yil 6-noyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Bitimda tashkilotga aʼzo davlatlarning favqulodda vaziyatlar idoralari o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, tabiiy ofatlar vaqtida tezkor qidiruv-qutqaruv ishlarini muvofiqlashtirish, ushbu sohadagi monitoring, tahlillar natijalarini hamda o‘zaro tajriba almashinuvini tizimlashtirish hamda o‘zaro yordam va hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish kabi masalalarning huquqiy asoslari va mexanizmlari belgilangan.

Senatorlarning fikricha, ushbu Qonun mamlakatimizda favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik choralarini yanada samarali tashkil qilishda, tabiiy ofatlar oqibatida yuzaga keladigan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni bartaraf etishda hamda mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlashda davlatlararo hamjihatlik va hamkorlikka zamin bo‘ladi.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish