Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-dekabr kuni sog‘liqni saqlash, ta’lim, transport va kosmos sohalarida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishdi.
Qayd etilishicha, oktabr oyida qabul qilingan sun’iy intellektni rivojlantirishga oid farmon va qarorlar bilan ushbu yo‘nalishda zarur infratuzilma yaratish hamda mutaxassislar tayyorlash uchun huquqiy asoslar belgilandi. Xususan, 2030-yilgacha mo‘ljallangan strategiya tasdiqlandi, Raqamli texnologiyalar vazirligi huzurida maxsus markaz tashkil etildi.
Sun’iy intellektdan foydalanish uchun hisoblash quvvatlari bosqichma-bosqich kengaytirilmoqda. Jumladan, AQSHning “Nvidia” kompaniyasi bilan hamkorlikda superkompyuter klasterini ishga tushirish loyihasi amalga oshirilmoqda.
Sog‘liqni saqlash sohasida sun’iy intellekt asosida 5 ta loyiha joriy etilmoqda. Ular yordamida insult va ko‘krak bezi saratonini aniqlashda diagnostika vaqti 80 foizga qisqarib, xavfli kasalliklarni erta aniqlash imkoniyati yaratilmoqda. Prezident bu yetarli emasligini ta’kidlab, sun’iy intellekt yordamida aniqlash mumkin bo‘lgan kasalliklar turlarini kengaytirish zarurligini qayd etdi.
Shu asosda xorijiy hamkorlar bilan birgalikda ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida jigar, o‘pka va prostata bezi saratoni, infarkt hamda murakkab suyak sinishlarini sun’iy intellekt orqali diagnostika qilish rejalashtirilmoqda.
Ta’lim sohasida esa kelgusi o‘quv yilidan boshlab maktab, texnikum va oliy ta’lim muassasalarida sun’iy intellektni o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun informatika o‘qituvchilari tayyorlanmoqda. Shu bilan birga, butun maktab jamoasini sun’iy intellektdan foydalanishga o‘rgatish orqali o‘qituvchilar yuklamasini kamaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Taqdimotda maktab ta’limi uchun sun’iy intellektga asoslangan yagona platforma yaratish taklifi ham bildirildi. Unda o‘qituvchi uchun virtual yordamchi ishlab chiqilib, dars materiallari, testlar, taqdimotlar tayyorlash hamda imtihon jarayonlarini nazorat qilishda ko‘maklashadi.
Yig‘ilishda hokimlarning raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatchilari malakasini oshirish dasturi haqida ham axborot berildi.
Transport sohasida sun’iy intellekt yordamida yo‘l harakati qoidabuzarliklarini avtomatik aniqlash, temiryo‘lda vagonlar texnik holatini monitoring qilish orqali avariyalar xavfini kamaytirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, kosmik texnologiyalar bo‘yicha “Samarqand–2028” sun’iy yo‘ldoshini yaratish ishlari muhokama qilindi. Ushbu yo‘ldosh uchun sun’iy intellekt moduli ishlab chiqilib, u yordamida havo sifati, qishloq xo‘jaligi ekinlari va o‘rmonlarni masofadan monitoring qilish rejalashtirilgan.
Taqdimot yakunida Prezident loyihalar ijrosini jadallashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalaridan iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalarda kengroq foydalanish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.