Jinoiy javobgarlikni yanada liberallashtirishga doir qonun muhokama qilindi

Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisida “Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlik yanada liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.

Majlisda senatorlar, Bola huquqlari bo‘yicha vakil, vazirlik va idoralar masʼullari, ekspertlar, shuningdek, mahalliy Kengashlarning yoshlar siyosati, madaniyat va sport masalalari komissiyalari vakillari hamda Yoshlar parlamenti aʼzolari ishtirok etdi.

Mazkur Qonun bilan Jinoyat kodeksining bir qator moddalariga qo‘shimcha va o‘zgartish kiritilmoqda.

Jumladan, o‘n sakkiz yoshga to‘lguniga qadar sodir etgan o‘ta og‘ir bo‘lmagan jinoyati uchun jazoni o‘tab bo‘lgan shaxs sudlanmagan deb hisoblanishi belgilanmoqda.

Qonunda voyaga yetmaganlarga nisbatan ozodlikni cheklashning hamda ozodlikdan mahrum qilishning eng kam muddati olti oydan bir oygacha qisqartirilishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, ushbu Qonun voyaga yetmaganlarning jinoiy javobgarligini yanada liberallashtirishga xizmat qiladi va o‘n sakkiz yoshga to‘lguniga qadar sodir etgan jinoyati uchun jazoni o‘tab bo‘lgan shaxsga hayotini sudlanganlik tamg‘asidan xoli tarzda davom ettirishi uchun sharoit yaratadi.

Bundan tashqari, kun tartibi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga voyaga yetmagan bolalarning taʼminoti uchun aliment undirish va to‘lash tizimini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan yuboriladigan parlament so‘rovi loyihasi ko‘rib chiqildi.

Muhokama etilgan masalalar bo‘yicha Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish