Jizzax ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi yangi binoda ish boshlaydi

02.12.2025 16:31
1081

Prezident Shavkat Mirziyoyev yangidan qurilgan Jizzax viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga tashrif buyurdi.

Mazkur tibbiyot majmuasi aholiga zarur bo‘lgan ko‘plab tibbiy xizmatlarni bir joyning o‘zida ko‘rsatishga mo‘ljallangan. Ushbu loyiha viloyatda bosqichma-bosqich tashkil etilayotgan tibbiyot klasterining ilk qismi hisoblanadi.

Qayd etilishicha, klaster tizimi zamonaviy tibbiyotda tezkor diagnostika, yuqori texnologiyali davolash hamda ortiqcha hujjatbozlikni kamaytirishda samarali yechim sifatida e’tirof etiladi.

Davlatimiz rahbariga markazning imkoniyatlari, bemorlar va tibbiyot xodimlari uchun yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumot berildi. Prezident davolash jarayonlari bilan tanishdi.

Yetti qavatli zamonaviy binoda joylashgan markaz bir kunda 400 nafargacha bemorni qabul qilish quvvatiga ega. Unda 344 ta statsionar o‘rin mavjud. Tibbiyot muassasasiga 100 milliard so‘mdan ortiq qiymatdagi zamonaviy uskunalar, jumladan, MRT, MSKT, laboratoriya majmualari va yuqori texnologiyali jarrohlik jihozlari o‘rnatilgan.

Poliklinika, radiologiya, kardioxirurgiya, neyroxirurgiya, oftalmologiya va urologiya bo‘limlarining bir joyda faoliyat yuritishi tibbiy xizmatlarni tez va samarali ko‘rsatish imkonini beradi. Eng muhimi, yuqori texnologiyali operatsiyalar bo‘yicha navbatlar sezilarli darajada qisqaradi.

Markaz ishga tushirilishi natijasida Jizzax aholisi boshqa viloyatlardagi shifoxonalarga borishga ehtiyoji 75–80 foizga kamayishi kutilmoqda.

Shuningdek, tibbiyot klasteri doirasida Qozon federal universiteti bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, mahalliy shifokorlarning malakasini oshirish, ilg‘or tashxis va davolash usullarini joriy etish rejalashtirilgan.

Prezident sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan muloqotda tibbiyot muassasalarini boshqarishda zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, xorijiy mutaxassis va menejerlarni jalb qilish, raqamlashtirish hamda sun’iy intellektdan foydalanishni kengaytirish muhimligini ta’kidladi. Bu tajriba Jizzaxda yo‘lga qo‘yilishi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari aholining tibbiy xizmatlardan roziligi masalasiga alohida e’tibor qaratdi.

— Odamlarni bino emas, xizmat sifati, shifokorning bilimi va halolligi qiziqtiradi. Shifoxonaga kelgan inson e’tibor, to‘g‘ri tashxis va tez davolanishni kutadi. Eng asosiy vazifa — aholiga chin dildan xizmat qiladigan, malakali tibbiyot tizimini yaratish, — dedi Prezident.

Shu yerning o‘zida Qozon tibbiyot universitetining Jizzax filiali o‘qituvchilari va talabalari bilan suhbat o‘tkazildi. Unda amaliy mashg‘ulotlarni ko‘paytirish va talabalarni zamonaviy tibbiyot yutuqlari bilan muntazam tanishtirib borish muhimligi ta’kidlandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish