Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax politexnika instituti qoshida tashkil etilgan Avtomobilsozlik muhandislik maktabi faoliyati bilan tanishdi.
Mazkur muhandislik maktabi “BYD Uzbekistan Factory” va “ADM Jizzakh” korxonalari bilan hamkorlikda malakali mutaxassislar tayyorlash va ularni ish bilan ta’minlashga yo‘naltirilgan. Bu yerda transport sohasiga ixtisoslashgan to‘rtta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha zamonaviy o‘quv dasturlari joriy etilgan.
Xususan, ikkinchi kursni yuqori natijalar bilan tugatgan talabalar BYD zavodi talablari asosida ishlab chiqilgan platformalarda ikki yillik dual ta’lim oladi. O‘quv jarayonida talabalar ishlab chiqarish bilan bevosita bog‘langan amaliy mashg‘ulotlarda qatnashib, yakunda maxsus ishga yo‘llanma sertifikatiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, qisqa muddatli kurslarda avtomobil zavodiga ishga kirayotgan nomzodlar, amaldagi ishchilar hamda ishsiz yoshlarga kasb-hunar o‘rgatilmoqda. Muhandislik maktabida BYD avtomobillarini yig‘ish bo‘yicha mini konveyer tashkil etilgan bo‘lib, unda payvandlash, bo‘yash, yig‘uv va sifat nazorati bo‘limlari faoliyat yuritadi.
Elektromobillar va zaryadlash stansiyalari tuzilishi, ularga texnik xizmat ko‘rsatish, sanoat va dasturlash muhandisligi, tannarxni hisoblash hamda revers muhandislik yo‘nalishlari bo‘yicha maxsus o‘quv xonalari jihozlangan.
Muhandislik maktabida ilk bor mahsulotlarni texnik jihatdan tahlil qilish, xarajatlarni modellashtirish, ishlab chiqarishni optimallashtirish va jarayonlarni xalqaro standartlar bilan solishtirish kabi amaliy ko‘nikmalar o‘rgatilmoqda.
Ta’kidlanishicha, muhandislik maktabi nafaqat talabalar, balki sohada ishlash istagidagi yoshlar va mutaxassislar uchun ham ochiq. Bu yerda malaka oshirish, boshlang‘ich kasbiy tayyorgarlik va tadbirkorlar uchun amaliy o‘quv dasturlari yo‘lga qo‘yilgan.
Maktabning asosiy maqsadi — talabalarni bitiruvdan oldin real ishlab chiqarish muhitiga moslashtirish. Natijada bitiruvchilar mehnat bozorida raqobatbardosh va tayyor mutaxassis sifatida ish boshlaydi.
Davlatimiz rahbari mashg‘ulotlar jarayonini kuzatib, mini konveyerda ishlayotgan talabalar bilan suhbatlashdi. Shuningdek, shu yerning o‘zida respublika va viloyat faollari bilan muloqot qildi.
Prezident keyingi yillarda Jizzaxda sanoat va boshqa sohalarda sezilarli natijalarga erishilayotganini, biroq hali ishga solinmagan imkoniyatlar ham ko‘pligini qayd etdi.
— Jizzaxga tashrifimizdan maqsad yangi o‘sish nuqtalarini aniqlashdir. Eng muhimi, yoshlarga munosib sharoit yaratib, ularni yuqori daromadli ish bilan ta’minlash, — dedi Shavkat Mirziyoyev.