15-dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev kapital bozorini rivojlantirish va bank sohasida xalqaro standartlarni joriy etish ishlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Hozirgi kunda muomaladagi qimmatli qogʻozlarning bozor qiymati 275 trillion soʻmni tashkil etadi, erkin muomaladagi qimmatli qogʻozlar hajmi esa 4 trillion soʻmga yetdi. Bozorda 717 ta emitent va 77 ta professional ishtirokchi faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, kapital bozorining kapitallashuvi Yalpi ichki mahsulotga nisbatan 20 foizni tashkil etib, jahon koʻrsatkichlaridan past, yaʼni sohada hali katta salohiyat mavjudligi taʼkidlandi.
Uchrashuvda mahalliy kapital bozoriga kamida 1 milliard dollar investitsiya jalb qilish choralari muhokama qilindi. Jumladan, “dual listing” amaliyoti orqali mahalliy va xorijiy fond birjalarida xalqaro standartlar asosida qimmatli qogʻozlarni joylashtirish, valyuta obligatsiyalari, global depozitar tilxatlar, xorijiy qimmatli qogʻozlar va birja investitsiya fondlarini joriy etish rejalashtirilgan.
“Tartibga solish qumdoni” mexanizmi doirasida xorijiy investorlar uchun qulay sharoit yaratish, chet el kompaniyalarining aksiyalari va obligatsiyalari bilan savdo qilishga ruxsat berish, mahalliy investorlarni kapital bozoriga faol jalb etish masalalari ham koʻrib chiqildi. Shu orqali obligatsiyalar bozorini kengaytirish va valyuta mablagʻlarini jalb qilish imkoniyatlari yaratiladi.
Shuningdek, nazorat va tartibga solish tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. Milliy qonunchilik Qimmatli qogʻozlar komissiyalari xalqaro talablariga moslashtiriladi, regulyator vakolatlari kuchaytiriladi, professional ishtirokchilarning ustav kapitaliga qoʻyiladigan talablar bosqichma-bosqich oshiriladi.
Bank sohasida soʻnggi yetti yilda tijorat banklarining aktivlari 5,3 barobar oʻsib, 877 trillion soʻmdan oshdi. Banklar soni 35 taga yetdi, shuningdek, 3 xorijiy bank Oʻzbekistonda faoliyat yuritmoqda.
O‘zbekiston ilk bor Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va Jahon bankining Moliyaviy sektorni baholash dasturida ishtirok etdi. Baholash natijalariga koʻra, kelgusi yilda moliya sektori Bazel qo‘mitasining 29 ta tamoyiliga to‘liq moslashtiriladi. Buning uchun tijorat banklarida moliyaviy hisobotlarni xalqaro standartlar asosida yuritish, Bazel III standartlarini joriy qilish va Moliyaviy barqarorlik kengashini tashkil etish belgilandi.
Prezident Mirziyoyev kapital bozori va bank sohasidagi islohotlar iqtisodiyotni barqaror moliyalashtirish, xususiy sektor ulushini oshirish va xalqaro investitsiyalarni jalb etishda muhim ekanini taʼkidlab, vazifalarni mutasaddilarga aniq topshirdi.