Shu kungacha qadar, mamlakatimizda kichik biznes mahsulotlarini “Made in Uzbekistan” yorlig‘i ostida dunyoga tanitish bilan shug‘ullanadigan, bu borada tadbirkorlarning eng yaqin ko‘makchisi, elkadoshi bo‘la oladigan alohida tashkilot yo‘q edi. Qaysidir ma’noda soha rivoji shunga ehtiyoj sezayotgandi.
2025 yil 19 mart kuni Prezidentimizning kichik va o‘rta biznes vakillari bilan uchrashuvda ko‘plab tadbirkorlarning talab va takliflaridan kelib chiqqan holda Kichik biznes uyushmasini tashkil etish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
Ushbu platformaning ahamiyati shundaki, tadbirkorlar o‘z mahsuloti bilan jahon bozoriga chiqmoqchi bo‘lsa, bemalol uyushmaga murojaat qilib, o‘zlariga zarur maslahat, moliyaviy yordam va bozor tadqiqotlari haqida ma’lumot olishlari hamda aniq strategiya asosida ishni tashkil qilishlari mumkin bo‘ladi. Ya’ni uyushma jahon bozoriga chiqish uchun zarur bo‘lgan ISO, FDA, Halal va boshqa xalqaro sertifikatlarni olishda yordam ko‘rsatadi. Maqsadli bozorlarni aniqlash, raqobat tahlilini qilish va marketing strategiyalarini ishlab chiqishda ko‘maklashadi. Xalqaro tashkilotlar va davlat tomonidan berilgan grantlar hamda kredit liniyalaridan foydalanish imkonini taqdim etadi. Turli xalqaro ko‘rgazma, biznes-forum va savdo yarmarkalarida ishtirok etish imkonini yaratib, tadbirkorlarning mahsulotlarini kengroq auditoriyaga tanishtirishga yordam beradi.
Qisqasi, uyushma tadbirkorlarga jahon bozoriga chiqishda mustahkam ko‘prik vazifasini o‘taydi. Ularning xalqaro savdoda muvaffaqiyat qozonishiga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatadi.
Kichik biznes uyushmasi tadbirkorlarni birlashtirib, ular o‘rtasida tajriba almashish, kooperatsiya va sherikchilik munosabatlarini rivojlantiradigan maydon vazifasini o‘taydi. Ya’ni bir-biriga yaqin sohalardagi tadbirkorlar hamkorlik qilishi natijasida bizneslarning o‘sish sur’ati ortadi. Misol uchun, agar mahalliy bir fermer o‘z mahsulotini sotishda marketing agentliklari bilan hamkorlik qilsa, u mahsulotini kengroq bozorga chiqarish imkoniga ega bo‘ladi. Agar kichik ishlab chiqaruvchi dizaynerlar, savdo kompaniyalari bilan hamkorlik qilsa, brendi yanada kuchayishi mumkin.
Bilamiz, bugungi kunda iqtisodiy rivojlanish faqat an’anaviy bizneslar emas, startaplar va innovatsiyalarga asoslangan loyihalar bilan o‘lchanmoqda. Bu ayni haqiqat. Shu ma’noda yangi uyushma yosh tadbirkorlar, ixtirochilar va texnologik mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlasa, yangi yo‘nalishlar paydo bo‘ladi. Ya’ni mamlakatimizda zamonaviy texnologiyalar rivojlanishi jadallashadi.
Bir so‘z bilan aytganda, Kichik biznes uyushmasi – bu iqtisodiyot uchun yangi imkoniyatlar maydonidir. Uning ta’siri nafaqat tadbirkorlarga, balki butun jamiyatga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Agar bu uyushma samarali ish yuritsa, bo‘sh ish o‘rinlari ko‘payadi, eksport salohiyati oshadi, startaplar va innovatsiyalarga yo‘l ochiladi, soliq tushumlari va davlat byudjeti mustahkamlanadi, boshqacha aytganda butun iqtisodiyot uchun yangi davrni boshlab beradi.
Demak, mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyoti uchun bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlar uchun qulay muhit yaratish barchamiz uchun manfaatlidir.