Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-dekabr kuni kimyo sanoatida ishlab chiqarish va eksportni oshirish, mahsulot tannarxini kamaytirish masalalariga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi.
Taqdimotda so‘nggi yillarda kimyo sanoatini jadal rivojlantirish va raqamlashtirish bo‘yicha aniq strategiya qabul qilingani qayd etildi. Ushbu hujjatga ko‘ra, 2030-yilgacha tarmoq hajmini kamida ikki barobarga oshirish, mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishni 1,5 barobarga ko‘paytirish hamda eksportni 1 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Hozirda sohada umumiy qiymati 1 milliard dollarlik 21 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Shuningdek, kelgusi uch yilga mo‘ljallangan 4,5 milliard dollarlik yangi tashabbuslar shakllantirilgan.
Shu bilan birga, ayrim yirik korxonalarda ishlab chiqarish quvvatlari eskirgani sababli energiya sarfi yuqori ekani va bu mahsulot raqobatbardoshligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ta’kidlandi. Xususan, azotli o‘g‘itlar tannarxining 55 foizigacha qismi energiya xarajatlariga to‘g‘ri kelmoqda.
Shu bois energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish va ishlab chiqarishni raqamlashtirish orqali xarajatlarni keskin kamaytirish zarurligi qayd etildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda kimyo mahsulotlariga bo‘lgan talab tez sur’atlarda oshib bormoqda. Qo‘shni davlatlarda 1 milliard dollarlik bozor mavjud bo‘lishiga va logistika imkoniyatlari qulayligiga qaramay, ushbu salohiyatdan hozircha to‘liq foydalanilmayapti.
Taqdimotda mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash orqali yangi mahsulot turlarini o‘zlashtirish va eksport hajmini kamida ikki barobarga oshirish mumkinligi ta’kidlandi.
Joriy yilda Toshkent, Navoiy va Jizzax viloyatlarida “yashil” mineral o‘g‘itlar, sian tuzlari, kaliy ksantogenat, kaliy sulfati kabi yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqaruvchi loyihalar ishga tushirilgani aytildi. Ushbu mahsulotlar eksportini kengaytirish bo‘yicha oldindan hisob-kitob qilish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Kelgusi yilda 4,5 million tonna paxta yetishtirish rejalashtirilgani inobatga olinib, fosforli o‘g‘itlarning yetarli zaxirasini shakllantirish, o‘g‘it ishlab chiqaruvchilarni sulfat kislotasi bilan barqaror ta’minlash vazifalari belgilandi. Shuningdek, fermerlarni o‘g‘it bilan ta’minlash uchun imtiyozli kreditlar ajratish ishlarini tezlashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Prezident kimyo sanoati mamlakat iqtisodiyotidagi strategik tarmoq ekanini qayd etib, ichki bozorni barqaror ta’minlash, eksport salohiyatini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berdi.