O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mahallalarni ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududlarga aylantirish, aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Yig‘ilishda “mahalla yettiligi” a’zolarining ishsizlik va kambag‘allikni kamaytirishdagi mas’uliyatini oshirish zarurligi ta’kidlandi. Ularning faoliyati aholi bandligi va daromadlarining oshishiga bevosita ta’sir qilishi, ishlar natijaga yo‘naltirilgan va manzilli bo‘lishi lozimligi qayd etildi.
Og‘ir toifadagi mahallalarga alohida e’tibor qaratilib, infratuzilma, elektr ta’minoti, internet tarmog‘i va tomorqadan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish topshirildi. Aholi murojaatlarini mahallada hal etish tizimi kuchaytiriladi.
Joriy yilda mamlakatda kambag‘allik darajasi 8,9 foizdan 6 foizga, kelgusi yilda esa 4,5 foizgacha tushirilishi kutilmoqda. Buning uchun mahallalarda ishlarni kompleks tashkil etish, barqaror bandlik xizmatlarini kengaytirish, daromad manbalarini yaratish, aholini kasb-hunarga o‘qitish va tadbirkorlikka jalb qilish rejalashtirilgan.
Har bir kambag‘al oila uchun uning imkoniyatlari va xohish-istaklarini hisobga olgan individual rejalar ishlab chiqiladi. Shu maqsadda “Bandlik organlari – ish beruvchilar hamkori”, “Teng imkon – inklyuziv bandlik”, “Barqaror kelajak sari”, “20 ta mahalliy brend”, “Bir kontur – bir mahsulot”, “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish” kabi dasturlar amalga oshiriladi va 1 million nafar kambag‘alni qamrab olish rejalashtirilgan.
Kambag‘allik va ishsizlikni kamaytirish uchun kichik va o‘rta loyihalar, chegara va anklav hududlarda infratuzilma rivojlantirish, tun-u kun ishlaydigan ko‘chalar, turistik mahallalar, mikrosanoat markazlari va yo‘l-sohil infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari ham ko‘rib chiqildi.
Davlat rahbari mutasaddilarga mahallalardagi masalalarni manzilli hal qilish, amaliy ishlar samaradorligini oshirish, bandlik va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha yuqori mas’uliyat bilan ish olib borishni topshirdi.