Mahkumlarning jazoni o‘tash muddati ular tuzalish yo‘liga o‘tganligi munosabati bilan qisqartirilishi mumkin

Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.

So‘ngi yillarda Jinoyat kodeksining bir qator moddalariga tegishli o‘zgartishlar kiritilib, og‘ir, o‘ta og‘ir va korrupsiyaga oid jinoyat sodir etgan shaxslarning jazoni o‘tash muassasasida bo‘lish muddatlari uzaytirildi.

Shuningdek, jazo muddatini to‘liq o‘tashlari lozim bo‘lgan mahkumlar toifasi ham kengaytirildi.

Bu o‘zgarishlar, o‘z navbatida 2-3 yildan so‘ng jazoni o‘tash muassasalarida saqlanayotgan mahkumlar soni va sig‘imi masalasini kun tartibiga chiqarib, alternativ choralar ko‘rishni taqozo etadi.

Shu bilan birga, so‘ngi vaqtlarda transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan  shaxslar tomonidan transportni boshqarish bilan bog‘liq ko‘plab qoidabuzarliklar sodir etilmoqda.

Shu bois, Ichki ishlar vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Jinoyat-ijroiya kodekslariga mahkumlarning jazoni o‘tash muddati ular tuzalish yo‘liga o‘tganligi munosabati bilan qisqartirilishini nazarda tutuvchi, shuningdek “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi Qonuniga Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 12810 va 131-moddalarida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun sud tomonidan muayyan muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etish jazosi tayinlangan shaxslarni ham profilaktik hisobga olishni belgilovchi qonun loyihasi ishlab chiqildi va Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi.

Qo‘mita majlisida Qonunni qabul qilinishi mahkumlarni axloqan tuzatishga, ularda jamiyat qoidalari va anʼanalariga nisbatan hurmatni shakllantirish borasidagi ishlar samaradorligini oshirishga, profilaktik hisobga olingan shaxslar bilan olib boriladigan chora-tadbirlarni yana-da takomillashtirish orqali mamlakatimizda jinoyatchilikka qarshi kurashishga va huquqbuzarliklarning, qolaversa transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan  shaxslar tomonidan transportni boshqarish bilan bog‘liq ko‘plab qoidabuzarliklar va yo‘l-transport hodisalari sodir etilishi oldi olinishiga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish