Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi arafasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” nomli dasturiy maqolasi chop etildi.
Maqolada so‘nggi yillarda mintaqani tubdan o‘zgartirgan jarayonlar va uni yangi bosqichga – ishonch, ochiqlik va o‘zaro hurmatga asoslangan hamkorlik davriga olib kelgan omillar atroflicha yoritiladi.
Tarixda ilk bor Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida barqaror va mustahkam o‘zaro anglashuv muhiti shakllandi. Chegaralarning huquqiy jihatdan to‘liq rasmiylashtirilishi, suv resurslaridan foydalanish bo‘yicha kelishuvlar, o‘zaro savdo hajmining o‘sishi, transport yo‘laklarining faollashuvi va qo‘shma investitsiya loyihalarining kengayishi mintaqaviy jipslashuv uchun mustahkam asos yaratib bermoqda.
Maqolada Markaziy Osiyo xalqaro munosabatlarning to‘liq subyekti sifatida o‘z o‘rnini tobora mustahkamlab borayotganiga alohida ahamiyat berib o‘tilgan. Xususan, “Markaziy Osiyo plyus” formatlari jahon hamkorlari mintaqani yagona barqarorlik, muloqot va mas’uliyat makoni sifatida qabul qilayotganini ko‘rsatmoqda.
Mintaqaviy hamkorlik tabiiy yo‘l bilan – suverenitet, teng huquqlilik va ichki ishlarga aralashmaslik tamoyillari asosida rivojlanishi kerakligi alohida qayd etib o‘tilgan.
Davlatimiz rahbari mintaqamiz oldida turgan eng muhim masalalarni ham sanab o‘tdi. Mavjud mexanizmlarga barqaror tus berish, xavfsizlikni birgalikda ta’minlash, mintaqaviy savdo, ekologiya, gumanitar aloqalar va tashqi siyosatda kelishib harakat qilish borasida umumiy vazifalarimiz qanday bo‘lishi kerakligi yuzasidan nuqtayi nazar bayon qilingan.
Umuman, maqola mintaqamizda kechayotgan jarayonlarning asl mazmun-mohiyatini ochib beradi, bu ongli va ortga qaytmas tanlov ekanini aniq misollar asosida tushuntiradi, nafaqat O‘zbekistonning bu boradagi sa’y-harakatlari va sadoqatini tasdiqlaydi, balki qardosh hamkorlarimizni mintaqaning umumiy kelajagi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyor bo‘lishga chaqiradi.