Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti bilan bog‘liq ruxsatnomalarni berish tartibini soddalashtirish, shuningdek iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish hamda favqulodda vaziyatlar natijasida yetkazilgan zararni baholash mexanizmlarini aniq belgilash zarurati yuzaga kelmoqda.
Amaldagi “Maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti to‘g‘risida”gi Qonunda tranzit ruxsatnomasini berish yoki uni berishni rad etish to‘g‘risidagi qaror ariza olingan kundan eʼtiboran o‘ttiz kundan oshmaydigan muddatda qabul qilinishi, zarur hollarda esa mazkur muddat uzaytirilishi mumkinligi belgilangan.
Biroq Qonunda ushbu muddatni uzaytirishga asos bo‘luvchi holatlar hamda uzaytirilishi mumkin bo‘lgan muddat chegarasi aniq belgilanmagan.
Amaldagi qonunchilikdagi bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida muhokama qilinayotgan Qonun bilan tranzit ruxsatnomasini berish yoki uni berishni rad etish to‘g‘risidagi qaror ariza olingan kundan eʼtiboran yigirma kundan oshmaydigan muddatda qabul qilinishi, mazkur muddatni uzaytirishga asos bo‘luvchi holatlar hamda uzaytirish mumkin bo‘lgan muddat chegarasi aniq belgilab qo‘yilmoqda.
Shuningdek, ushbu Qonun bilan “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga ham tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan ushbu yo‘nalishdagi ishlar samarali amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalarni kiritishni nazarda tutuvchi Qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Qo‘mita aʼzolari tomonidan uning qabul qilinishi maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti hajmini oshirishga, aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishning huquqiy asoslarini mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.