O‘qituvchi va murabbiylar bilan ochiq muloqot

16.09.2025 14:00
535

Jamiyat ravnaqi, millat kelajagi – bularning barchasi, avvalo, ta’lim tizimiga, uning asosini tashkil etuvchi o‘qituvchi va murabbiylarga bevosita bog‘liq. Prezidentimizning Bo‘stonliq tumanida O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida ta’lim sohasi xodimlari bilan o‘tkazgan ochiq muloqoti aynan shu muhim haqiqatni yana bir bor namoyon etdi.

Bu galgi tadbirning o‘ziga xosligi shunda bo‘ldiki, unda yurtimizning barcha hududlaridan 40 mingdan ziyod pedagoglar onlayn va offlayn tarzda ushbu muloqotda ishtirok etdi. Bu nafaqat tadbirning keng qamrovliligidan, balki davlat siyosatida ta’limgа e’tibor qanchalik ustuvor o‘rin tutayotganidan dalolat beradi. Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida butun hayotini ilm va ma’rifat targ‘ibotiga, yosh avlod tarbiyasiga bag‘ishlagan bir millionga yaqin pedagoglar jamoasini samimiy qutlab, ularning jamiyatdagi beqiyos o‘rnini alohida e’tirof etdi.

Muallim kasbi doimo qadrli bo‘lgan. Biroq bugungi globallashuv sharoitida uning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni yanada ortib bormoqda. Zero, hozirgi zamonaviy dunyoda davlatlar va kompaniyalar o‘rtasidagi raqobat asosan inson kapitali, ya’ni malaka va bilimga ega kadrlar salohiyatiga, shuningdek, yangi texnologiyalar va innovatsiyalarni joriy qilishga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Shu bois ta’lim sohasi har bir davlatning strategik ustuvor yo‘nalishiga aylangan. Prezidentimiz ta’limni jamiyat taraqqiyotining hal qiluvchi omillaridan biri sifatida belgilab, bu boradagi islohotlarni faol davom ettirmoqda.

Muloqot davomida davlat rahbari ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning natijalari va mavjud muammolar haqida atroflicha to‘xtaldi. Ushbu jarayonda o‘qituvchi shaxsi, uning nufuzi, bilim va kasbiy mahorat darajasi hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani yana bir bor ta’kidlandi. Ta’lim sifati, uning jamiyatdagi ta’siri va kelajak uchun belgilangan maqsadlar bevosita o‘qituvchiga bog‘liq ekani, ta’limni isloh qilishdan avval uni amalga oshiradigan inson – o‘qituvchining o‘ziga yetarlicha e’tibor qaratish kerakligi qayd etildi.

So‘nggi yillarda ta’lim sohasi va uning xodimlarini qo‘llab-quvvatlash borasida muhim qadamlar tashlandi. Ushbu muloqot arafasida bir guruh fidoyi o‘qituvchi va murabbiylar, ta’limgа hissa qo‘shgan olim va mutaxassislar davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangani ana shu e’tibor va e’tirofning amaliy ifodasi bo‘ldi. Prezident farmoniga muvofiq, yuksak unvonlar, orden va medallar o‘z egalari­ga topshirildi. Ushbu mukofotlar nafaqat ta’lim sohasida ko‘rsatilgan yuqori natijalar uchun, balki jamiyatda o‘qituvchilarning obro‘-e’tiborini oshirish, ularning kasbiy nufuzini mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Ayni paytda mukofotlanganlar orasida nafaqat pedagoglar, balki o‘z mablag‘lari hisobidan maktablar qurgan, ta’mirlagan tadbirkorlar, ta’limgа innovatsiyalar joriy etishga ko‘maklashayotgan xorijiy hamkorlar va mahalliy hokimiyat vakillari ham borligi ta’lim sohasida barcha jabhalarda hamjihatlikda olib borilayotgan ishlar samarasi ekanini ko‘rsatadi. Bu, o‘z navbatida, ta’limni rivojlantirish – faqat davlat yoki o‘qituvchining vazifasi emas, balki butun jamiyatning umumiy vazifasi ekanligini ta’kidlash o‘rinlidir.

Prezidentning ta’lim tizimidagi dolzarb masalalarga to‘xtalib o‘tganligi, xususan, o‘qituvchilarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, malaka oshirish, o‘quv-tarbiya jarayonini modernizatsiya qilish, ta’lim muassasalarini zamonaviy jihozlar bilan ta’minlash kabi vazifalarni belgilab bergani sohaga oid ishlarning kelgusi yo‘nalishini aniq belgilab berdi. Bunda har bir maktab, har bir sinfxona, har bir o‘quvchi va eng muhimi, har bir o‘qituvchiga davlat siyosati darajasida yondashuv bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.

Bu muloqot orqali Prezidentimiz o‘qituvchi va murabbiylarga nafaqat minnatdorlik bildirdi, balki ta’lim tizimi oldida turgan strategik vazifalarni xalq bilan birga muhokama qildi. Ya’ni u yopiq kabinetlarda qabul qilingan qarorlar emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot, joylardagi haqiqiy holat, o‘qituvchining fikri va tavsiyasi asosida shakllanadigan siyosatning namunasi­ni ko‘rsatdi.

Xulosa qilib aytganda, O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu muloqot nafaqat bayramona ruhda o‘tdi, balki u ta’lim sohasini tubdan takomillashtirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar yo‘lida muhim qadamlardan biriga aylandi. Bu yangi O‘zbekistonda inson kapitalini rivojlantirish, muallim sha’nini tiklash va kelajak avlod tarbiyasi uchun barcha sharoitlarni yaratishga qaratilgan izchil siyosatning mantiqiy davomi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, ta’limgа qaratilgan yuksak e’tibor mamlakat kelajagiga kiritilgan eng muhim sarmoyadir.

 
 
Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish