O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish jarayoni davom etar ekan, mamlakatimiz qonunchiligini xalqaro talablar asosida takomillashtirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Oliy Majlis Senatida ma’qullangan navbatdagi qonun ham aynan shu maqsadga xizmat qiladi.
Yangi qonun bilan o‘simliklar karantini va himoyasi sohasidagi milliy qonunchilik JSTning Sanitariya va fitosanitariya choralarini qo‘llash bo‘yicha bitimi talablariga muvofiqlashtirilmoqda.
Mazkur o‘zgarishlarning asosiy maqsadi — qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash, eksport salohiyatini oshirish va xalqaro bozorlarga chiqishda mavjud texnik to‘siqlarni kamaytirishdan iborat.
Qonunga ko‘ra, “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi qonundagi asosiy tushunchalar xalqaro fitosanitariya terminlari bilan uyg‘unlashtiriladi. Bu esa O‘zbekistonning xalqaro hamkorlar bilan ishlashida yagona yondashuvni shakllantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari va mas’ul tashkilotlarning vakolatlari aniq belgilab berilmoqda. Bu sohada mas’uliyat va javobgarlik chegaralarini yanada ravshanlashtiradi.
Yangi qonun bilan O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining vakolatlari ham kengaytirilmoqda. Endilikda agentlik fitosanitariya xavflarini tahlil qilish, xavflarni boshqarishga asoslangan avtomatlashtirilgan nazorat tizimlarini joriy etish, laboratoriya tekshiruvlari uslublarini ishlab chiqish hamda fitosanitar zararsizlantirish faoliyatini litsenziyalash tartiblarini belgilash vakolatiga ega bo‘ladi.
Muhim yangiliklardan yana biri - fitosanitar zararsizlantirish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonalar uchun litsenziyalash tizimining takomillashtirilishidir. Bu mazkur xizmatlar sifatini oshirish, xavfsizlik talablariga rioya etilishini ta’minlash va sohada shaffoflikni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Mutaxassislar fikricha, ushbu qonun nafaqat o‘simliklar karantini tizimini zamonaviylashtirish, balki mahalliy mahsulotlarning xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirish uchun ham muhim ahamiyatga ega. Eng asosiysi, yangi normalar O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish va eksport mahsulotlarining xalqaro savdoda erkin harakatlanishi uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi.