O‘zbekiston Prezidenti BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha III konferensiyasida ishtirok etdi

06.08.2025 10:00
23

2025-yil 5-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmanboshi shahridagi “Avaza” milliy turizm hududida bo‘lib o‘tayotgan BMTning Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasida ishtirok etdi.

Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov raisligida o‘tgan yuqori darajali tadbirda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon hamda qator xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etdi.

Konferensiyada transport jihatidan bog‘liqlikni mustahkamlash, savdo tartib-taomillarini soddalashtirish, iqtisodiyotni transformatsiya qilish, iqlim o‘zgarishiga bardoshlilikni oshirish maqsadlarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Prezident Mirziyoyev o‘z nutqida Turkmanistonning global barqarorlik va mintaqaviy hamkorlik borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholar ekan, dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlar uchun dolzarb bo‘lgan masalalarning kun tartibidan o‘rin olishi katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Dengiz portlaridan uzoqlik, transport infratuzilmasining cheklanganligi va tashqi tranzit siyosatidan bog‘liqlik QJRMlar rivojiga to‘siq bo‘layotgani qayd etildi. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari ushbu muammolar tufayli har yili YAIMning 2 foizigacha yo‘qotmoqda.

O‘zbekiston yetakchisidan qat’iy takliflar va amaliy tashabbuslar

Prezident Shavkat Mirziyoyev muammolar yechimini uchta asosiy shartga bog‘ladi:

  1. Infratuzilmani modernizatsiya qilish — barqaror rivojlanish asos sifatida;

  2. O‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish — tranzit to‘siqlarining oldini olish maqsadida;

  3. Rivojlanish huquqini ta’minlash — global teng huquqlilik asosida.

O‘zbekistonda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar, transport-logistika sohasida xususiy sektorni jalb etish, raqamlashtirish va savdo liberallashuvi ijobiy samara bermoqda. Mintaqadagi o‘zaro ishonch va sheriklik yangi bosqichga ko‘tarildi.

Bugungi kunda mintaqa bo‘ylab yagona transport-logistika makoni shakllanmoqda. "Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston" temir yo‘li qurilishi boshlangan, "O‘zbekiston–Turkmaniston–Eron–Turkiya" yo‘nalishi orqali yuk tashish hajmi ortib bormoqda.

Xalqaro miqyosdagi tashabbuslar

Prezident Mirziyoyev bir qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi:

- “O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston” temir yo‘li loyihasini jadallashtirish va uni boshqa yo‘laklar bilan bog‘lash;

- BMT shafigida Tranzit kafolatlari to‘g‘risidagi global bitimni ishlab chiqish;


- Dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlarlar uchun logistika integratsiyasiga ko‘maklashuvchi maxsus jamg‘arma tuzish;

- Dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlarlar uchun “Zaiflik global indeksi”ni ishlab chiqish;

- O‘zbekistonda Aagrar innovatsiya xabini tashkil etish;

- Dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlar bo‘yicha Xalqaro tahlil markazi faoliyatida faol ishtirok etish.


Shuningdek, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar, startaplar va transchegaraviy investitsiyalar mavzusida doimiy muloqot va ilmiy tadqiqotlar maydonini kengaytirish taklif etildi.

“Avaza” deklaratsiyasi — umumiy yo‘nalishlar sari qadam

Konferensiya yakunida mintaqaviy sheriklik va global tenglikka intilishni ifoda etuvchi Avaza siyosiy deklaratsiyasi qabul qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev nutqini yakunlar ekan, O‘zbekiston xalqaro hamjamiyat bilan konstruktiv va uzoq muddatli hamkorlikka tayyor ekanini, QJRMlar manfaatlarini himoya qilishda faol bo‘lishini ta’kidladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish