So‘nggi yillarda yurtimizda axborot sohasini rivojlantirish, jurnalistikani xalqaro standartlar asosida yangilash va O‘zbekiston haqidagi xolis axborotni jahon hamjamiyatiga yetkazishga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Ayni shu jarayon doirasida Toshkentda bo‘lib o‘tgan investitsiya forumi davomida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Euronews” media xoldingi rahbari Pedro Vargas bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Bu uchrashuv katta ahamiyatga ega bo‘lib, ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish imkoniyatini yaratdi.
Muzokaralar chog‘ida “Euronews”ning millionlab auditoriyasi orqali O‘zbekistonning boy madaniy va tarixiy merosi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan siyosiy va iqtisodiy islohotlar, shuningdek, investitsiya va turizm salohiyati haqida kengroq axborot berish masalalari muhokama qilindi.
Davlat rahbari tomonidan qo‘shma axborot loyihalarini amalga oshirish, malakali media kadrlarni tayyorlash, shuningdek “Euronews”ning Toshkentda o‘z ofisini ochish rejasi ham qo‘llab-quvvatlandi.
Shu bilan birga, “Euronews Academy” dasturi doirasida yurtimiz jurnalistlarini xalqaro tajriba asosida o‘qitish va qayta tayyorlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Ikki tomonlama kelishuvga asosan, istiqbolli yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida qo‘shma “yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladigan bo‘ldi.
Ushbu tashabbuslar O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, axborot sohasini rivojlantirish va ochiqlik siyosatini yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.