O‘zbekiston–Rossiya munosabatlarida yangi sahifa ochilmoqda

08.06.2026 13:06
1457

Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning uchrashuvi hamda uning doirasida qabul qilingan qarorlar ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro ishonchga asoslangan keng qirrali munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Ayniqsa, uchrashuvda ikki davlat yetakchilari tomonidan O‘zbekistonda integratsiyalashgan atom elektr stansiyasining birinchi energiya blokini qurish ishlariga start berilgani tarixiy voqea bo‘ldi. Zotan, bugungi kunda mamlakatimizdagi iqtisodiy va demografik o‘sish energiya ta’minoti uzluksizligini ta’minlashni, ro‘y berayotgan kutilmagan va keskin iqlim o‘zgarishlari esa energiya zaxiralarini oshirishni taqozo etmoqda.

Bu loyiha nafaqat mamlakatimizning energiyaga bo‘lgan ortib borayotgan ehtiyojini qondiradi, balki iqtisodiyotning barqaror o‘sishi, sanoat tarmoqlarining raqobatbardoshligini oshirish va yuqori texnologiyalarga asoslangan yangi ishlab chiqarish quvvatlarini shakllantirish uchun mustahkam zamin yaratadi. Shu ma’noda, atom energetikasi sohasidagi mazkur hamkorlik yurtimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyasida muhim o‘rin tutadi.

Tan olish kerak, bugun jahonda energetika xavfsizligini ta’minlash kun tartibidagi kechiktirib bo‘lmaydigan masalaga aylangan. Ana shunday bir sharoitda mazkur loyiha mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lib, kelgusida energetika sohasida barqarorlikni ta’minlashi kutilmoqda.

Sir emas, ayni paytda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining qariyb 80 foizi issiqlik elektr stansiyalari hissasiga to‘g‘ri keladi. Ular asosan tabiiy gaz yoqilg‘isida ishlaydi. Biroq bugungi tezkor taraqqiyot va yil sayin ortib borayotgan energiya ehtiyoji energetika sohasini yanada rivojlantirishni talab etmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish