O‘zbekiston – Serbiya: hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga chiqmoqda

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Serbiya Respublikasiga rasmiy tashrifi mamlakatimiz tashqi siyosatining ochiqlik, o‘zaro manfaatli hamkorlik va pragmatizm tamoyillariga asoslanganining yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi. Mazkur tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqib, uzoq muddatli va ko‘p qirrali hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratdi.

Xususan, oliy darajadagi muzokaralar davomida siyosiy muloqotni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, transport-logistika aloqalarini takomillashtirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, raqamli texnologiyalar, mehnat migratsiyasi, madaniyat va turizm sohalaridagi sheriklikni yangi mazmun bilan boyitish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Tashrifning eng muhim siyosiy natijasi, shubhasiz, O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi Qo‘shma deklaratsiyaning imzolangani bo‘ldi.

Bu hujjat ikki davlat o‘rtasida shakllangan o‘zaro ishonch va hurmatning yuksak darajasini ifoda etib, munosabatlarni uzoq muddatli strategik manfaatlar asosida rivojlantirishga xizmat qiladi. Ayni paytda, u siyosiy muloqotdan tortib iqtisodiyot, investitsiya, sanoat, transport, gumanitar va boshqa ko‘plab yo‘nalishlardagi hamkorlikni tizimli va izchil davom ettirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

Bugungi murakkab va tez o‘zgarayotgan global sharoitda har qanday davlatlararo munosabatning mustahkamligi, avvalo, uning amaliy samarasi bilan belgilanadi. Shu nuqtayi nazardan, Prezidentimizning Serbiyaga tashrifi doirasida iqtisodiy diplomatiyaga, xususan, savdo va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratilgani alohida diqqatga sazovor.

Davlat rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan O‘zbekiston - Serbiya qo‘shma biznes-forumi ana shu sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Unda ikki mamlakatning 200 dan ortiq davlat va biznes vakillari, yirik sanoat hamda savdo kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

Forum doirasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, eksport va import nomenklaturasini kengaytirish, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, ishbilarmon doiralar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kuchaytirish, yangi investitsiya va sanoat loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, sanoat kooperatsiyasini yanada chuqurlashtirish maqsadida 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan Sanoat sherikligini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasining qabul qilinishi alohida ahamiyatga ega.

Mazkur hujjat doirasida to‘qimachilik va elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish, avtomobil va sanoat butlovchi qismlarini tayyorlash, farmatsevtika mahsulotlarini mahalliylashtirish, meva-sabzavot mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, dasturiy ta’minot va sun’iy intellekt sohalarida qo‘shma loyihalar amalga oshiriladi.

Bunday loyihalar, eng avvalo, mamlakatimizda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish, yangi texnologiya va ilg‘or tajribalarni jalb etish, ishlab chiqarish kooperatsiyasini kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda eksport salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ayniqsa, O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasida Erkin savdo to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokaralarni boshlash uchun ishchi guruh tuzishga kelishib olingani istiqbolli qadamdir. Bunday bitimning kelgusida imzolanishi ikki mamlakat tadbirkorlari uchun yangi bozorlarga kirish imkoniyatlarini kengaytirish, o‘zaro savdodagi to‘siqlarni kamaytirish va tovar ayirboshlash hajmini barqaror oshirishga qo‘shimcha turtki berishi mumkin.

Tashrif davomida transport va logistika masalalari ham alohida o‘rin egalladi. O‘zbekistonning Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi transport yo‘laklaridagi ishtirokini kengaytirish, «O‘rta koridor» imkoniyatlaridan samarali foydalanish, temir yo‘l va avtomobil tashuvlari sohasida hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan muhim kelishuvlarga erishildi.

Ma’lumki, dengiz portlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan O‘zbekiston uchun barqaror, xavfsiz va iqtisodiy jihatdan samarali transport yo‘laklarini shakllantirish strategik ahamiyat kasb etadi. Shu bois Serbiya bilan transport-logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish mamlakatimizning tashqi savdo geografiyasini kengaytirish, Yevropa bozorlariga chiqish uchun yangi yo‘nalishlarni shakllantirish va milliy eksportchilarning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

Ikki mamlakat munosabatlarida hududlararo hamkorlikka ham yangi sur’at bag‘ishlanmoqda. Tashrif doirasida Samarqand viloyati bilan Serbiyaning Voyvodina avtonom o‘lkasi o‘rtasida sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga kelishildi. Shuningdek, Samarqand va Novi-Sad shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatilishi qo‘llab-quvvatlandi.

Bu kabi hududlararo sheriklik iqtisodiy aloqalarni mahalliy darajada faollashtirish, investitsiya loyihalarini ilgari surish, turizm va madaniy almashinuvni rivojlantirish, shuningdek, ta’lim, shaharsozlik va boshqa sohalarda tajriba almashish uchun keng imkoniyat yaratadi.

Tashrif doirasida yana bir ramziy va ayni paytda muhim voqea ro‘y berdi. Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich tomonidan Prezident Shavkat Mirziyoyevga mamlakatning eng yuksak davlat mukofoti - Serbiya Respublikasi ordeni, Katta zanjir topshirildi. Ushbu yuksak mukofot O‘zbekiston rahbarining ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasiga berilgan yuksak bahodir.

Bir so‘z bilan aytganda, Belgraddagi uchrashuvlar nafaqat ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarda yangi davr boshlanganini ko‘rsatmoqda, shu bilan birga, O‘zbekistonning xalqaro maydonda hamma uchun ochiq va pragmatik tashqi siyosat yuritish prinsipida doim qat’iy ekanini yana bir bor namoyon etmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish