Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-dekabr kuni Toshkent shahrida transport boshqaruvini takomillashtirish hamda yo‘l tirbandliklarini kamaytirish bo‘yicha tayyorlangan taqdimot bilan tanishdi.
So‘nggi yillarda poytaxtda jamoat transportini rivojlantirish yo‘nalishida muayyan ishlar amalga oshirildi. Xususan, avtobuslar parki ikki barobarga kengaytirilib, ularning soni qariyb 1 900 taga yetkazildi. Qatnovlar oralig‘i 30 daqiqadan 15 daqiqagacha qisqardi. Natijada avtobuslardan kunlik foydalanayotgan yo‘lovchilar soni 1,4 million nafarga yetdi.
Shuningdek, yerosti va yerusti metropoliten liniyalarining umumiy uzunligi 70,5 kilometrga yetkazilib, bekatlar soni 29 tadan 50 tagacha oshirildi. Bugungi kunda metro kuniga o‘rtacha 900 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatmoqda.
Shahar ko‘chalarida harakatni tashkil etish bo‘yicha ham texnik ishlar kengaytirildi. Jumladan, 2 870 ta yo‘l belgisi yangilandi, 2 770 ta yangi belgi va 55 ta svetofor o‘rnatildi.
Shu bilan birga, aholining va transport vositalarining tez sur’atlarda ko‘payishi, shuningdek, shahardagi iqtisodiy faollik yo‘l infratuzilmasiga tushayotgan yuklamani keskin oshirmoqda. Asosiy transport yo‘laklaridagi bosim ikki barobarga ortgani, 7–8 balli tirbandliklar esa odatiy holga aylangani qayd etildi. Jamoat transportidan foydalanish ulushi hanuz shaxsiy avtomobillarga nisbatan past bo‘lib qolmoqda. Bu holat ekologik vaziyatga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Taqdimotda dunyo amaliyotida keng qo‘llanilayotgan intellektual transport tizimi (ITS) tirbandliklarni kamaytirishning eng samarali usullaridan biri ekani ta’kidlandi. Ushbu tizim asosida shahar harakatini real vaqt rejimida nazorat qilish, tahlil etish va rejalashtirish markazlashgan holda amalga oshiriladi.
Shu maqsadda Toshkent shahrida yagona yo‘l harakatini tashkil etish markazini yaratish taklif qilindi. Ushbu markaz transport va piyodalar oqimini tahlil qilish va modellashtirish, intellektual transport tizimini joriy etish va boshqarish, transport master-rejasi va karkasini ishlab chiqish, yuk tashishlar hamda shahar parking infratuzilmasini tashkil etish, elektr quvvatlash tarmoqlarini rivojlantirish va individual harakatlanish vositalaridan foydalanishni rag‘batlantirish bilan shug‘ullanadi.
Markaz intellektual transport tizimining operatori sifatida kameralar, datchiklar va GPS qurilmalari orqali yig‘ilgan ma’lumotlarni, jumladan, sun’iy intellekt yordamida tahlil qiladi. Bu tirbandliklarni bashorat qilish, marshrutlarni optimallashtirish, svetofor fazalarini moslashtirish, yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘lganda favqulodda xizmatlarni tezkor chaqirish imkonini beradi.
Tizim joriy etilishi natijasida yo‘llarda harakatlanish vaqti, shuningdek, favqulodda xizmatlarning hodisa joyiga yetib borish muddati qisqarishi, asosiy yo‘llardagi tirbandliklar va yo‘l-transport hodisalari kamayishi kutilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev takliflarni ma’qullab, pilot loyihani joriy yilning o‘zida ishga tushirish, kelgusida uni bosqichma-bosqich kengaytirish hamda 2030-yilga qadar hududlar bilan integratsiya qilish bo‘yicha topshiriqlar berdi.