O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13-oktyabr kuni mamlakatimizda tashrif bilan bo‘lib turgan Birlashgan kurash dunyosi (United World Wrestling) rahbari Nenad Lalovichni qabul qildi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekistonda sportning yakkakurash turlarini qo‘llab-quvvatlash va ommalashtirish, ushbu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Davlat rahbari ta’kidlaganidek, mamlakatimizda yunon-rum kurashi, erkin kurash, ayollar kurashi hamda aralash jang san’atlari izchil rivojlanib bormoqda. So‘nggi yillarda o‘zbekistonlik yakkakurashchilar nufuzli musobaqalarda 45 ta yirik sovrinni, jumladan, Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatlarida oltin medallarni qo‘lga kiritishdi.
Nenad Lalovich Yangi O‘zbekistonda ommaviy sport sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni, sport infratuzilmasini rivojlantirish, yoshlarni sportga keng jalb etish borasidagi ishlarni yuksak baholadi. Tomonlar mamlakatimizda yirik xalqaro musobaqalarni o‘tkazish, Mintaqaviy kurash akademiyasini tashkil etish, sport tibbiyoti, diyetologiyasi va psixologiyasi sohalarida hamkorlikni kengaytirish yuzasidan fikr almashdilar.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar o‘rtasida sport yakkakurashlarini ommalashtirish, iste’dodlarni saralash va tayyorlashning zamonaviy tizimini yaratish zarurligini qayd etdi. Unga ko‘ra, mahallalardagi sport to‘garaklari va ixtisoslashgan majmualar infratuzilmasini yanada takomillashtirish O‘zbekiston sportchilari uchun yangi yutuqlar sari yo‘l ochadi.
Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari Nenad Lalovichni yakkakurash turlarini rivojlantirishga qo‘shgan katta hissasi uchun “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirladi.