Prezident sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatladi

06.10.2025 16:09
3016

6-oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish va ularni iqtisodiyot hamda ijtimoiy sohalarga keng joriy etish masalalari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

O‘zbekiston bu yo‘nalishda xalqaro reytingda 17 pog‘ona yuqorilab, 188 davlat ichida 70-o‘rinni, Markaziy Osiyo bo‘yicha esa birinchi o‘rinni egalladi.

Prezident sun’iy intellekt sohasida 2030-yilgacha mo‘ljallangan strategiyani izchil amalga oshirish, “superkompyuter klasteri”ni tashkil etish va 86 ta loyihani joriy etishni jadallashtirish zarurligini ta’kidladi.

Davlat rahbari ilg‘or xorijiy va mahalliy tajribalarni o‘rganish, malakali kadrlar tayyorlash hamda yoshlarning innovatsion loyihalarini qo‘llab-quvvatlash muhimligini qayd etdi.

Taqdimot yakunida Prezident sohada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yanada kengaytirish, ilg‘or tajribalarni amaliyotga tatbiq etish va kadrlar salohiyatini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish