Prezident Yunusobod tumanidagi yirik savdo markazi faoliyati bilan tanishdi

16.12.2025 20:34
1497

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yunusobod tumanida joylashgan “Yunusobod galereyasi” savdo, xizmat ko‘rsatish va biznes markaziga tashrif buyurdi.

Ikki yarim gektar maydonni egallagan majmuada 53 ming kvadrat metrdan ortiq savdo va tijorat maydonlari mavjud. 14 million dollarlik xorijiy investitsiya hisobiga qator xorijiy brendlar faoliyat yuritmoqda. Umuman olganda, majmuada 100 dan ortiq savdo nuqtalari ochilib, 500 ga yaqin ish o‘rni yaratildi. Markazga yiliga 2,5 million nafargacha tashrif buyuruvchi kelishi kutilmoqda.

Loyiha qiymati 43 million dollar bo‘lgan majmuaning arxitektura-dizayn yechimi MDH davlatlari o‘rtasida o‘tkazilgan xalqaro me’morchilik tanlovida birinchi o‘rinni egallagan. Prezident shu yerda ochilgan kitob do‘konida nashriyotlar vakillari va kitobxon yoshlar bilan suhbatlashdi. Kitob savdosini rivojlantirish, mutolaa madaniyatini kengaytirish hamda nashriyotlarni qo‘llab-quvvatlash zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, poytaxt faollari, nuroniylar va yoshlar bilan samimiy suhbat bo‘lib o‘tdi. Prezident Mirziyoyev obodlik va tinchlikning asosi mahallalarda ekanini, odamlarni rozi qilishga qaratilgan ishlarni eng quyi bo‘g‘indan boshlash muhimligini ta’kidladi.

Tashrif doirasida davlat rahbari “Unicon-Soft” IT kompaniyasining faoliyati bilan tanishdi. 2017-yilda tashkil etilgan korxona respublika bo‘ylab 70 dan ortiq dasturiy tizim ishlab chiqqan va joriy etgan. Filiallar orqali 208 ta tuman va shaharlarda axborot tizimlarini joriy qilish va texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 1,5 mingdan ortiq xodim faoliyat yuritmoqda, shundan 80 foizi yoshlar.

Hozirda kompaniya raqamlashtirish yo‘nalishida dasturiy va texnik vositalar ishlab chiqarish, bojxona faoliyatini raqamlashtirish, “Raqamli mahalla” platformasini joriy etishni rejalashtirmoqda. Prezident Mirziyoyev ushbu loyihalar taqdimoti bilan tanishdi va milliy IT mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish, yoshlarning sun’iy intellekt sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Shuningdek, davlat rahbari Rixsiliy koʻchasida amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlari va zamonaviy infratuzilmani ko‘zdan kechirdi. Ko‘chaning ikki kilometrlik qismida muhandislik va transport infratuzilmasi yangilandi. 24 soat faoliyat yuritadigan savdo, umumiy ovqatlanish va koʻngilochar obyektlar tashkil qilindi, natijada 650 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Hududda kuniga o‘rtacha 35 mingga yaqin avtotransport vositasi harakatlanadi. Aholi xavfsizligi va harakat qulayligini ta’minlash uchun 39 ming kvadrat metr piyodalar yo‘laklari, yuzga yaqin videokuzatuv kamerasi va o‘nga yaqin favqulodda chaqiruv tugmalari o‘rnatildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish