Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatiga tashrifi doirasida Sharof Rashidov tumanida joylashgan “Agromarkaz” qishloq xo‘jaligi korxonalari majmuasida bo‘ldi.
So‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor natijasida sohada yangi imkoniyatlar yaratilmoqda, fermer va dehqonlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lami kengaymoqda. Joylarda agromarkazlar tashkil etilib, qishloq xo‘jaligi xizmatlarini bir joyda, qulay va samarali tarzda ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Sharof Rashidov tumanida ish boshlagan agromarkaz ham ana shunday zamonaviy xizmat majmualaridan biri hisoblanadi. Bu yerda o‘simliklarni himoya qilish laboratoriyasi, veterinariya dorixonasi, agronom maslahati, urug‘ va ko‘chatlar yetkazib berish, aholi xonadonlariga issiqxonalar o‘rnatish, agromarket do‘koni, mini-texnikalar savdosi va ularga texnik xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yilgan.
Agromarkazda barcha xizmatlar “yagona darcha” tamoyili asosida tashkil etilgan. Bir gektar maydonda joylashgan majmuaning birinchi qavatida o‘simliklarni himoya qilish vositalari do‘koni, veterinariya dorixonasi, urug‘ savdosi shoxobchasi, agromarket, mobil brigadalar uchun xonalar hamda yana bir qator xizmat ko‘rsatish bo‘limlari faoliyat yuritadi.
Ikkinchi qavatda esa o‘simliklarni himoya qilish laboratoriyasi, tuproq va suv tahlili xonalari, entomologiya va fitopatologiya bo‘limlari joylashgan.
Shuningdek, markaz hududida viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi, Agrosanoatni rivojlantirish agentligining hududiy bo‘limi, agroinspeksiya, urug‘chilik markazi, qorako‘lchilik uyushmasi hamda qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi boshqa tashkilotlar joylashtirilgan.
Davlatimiz rahbari agromarkaz faoliyati bilan tanishib, xizmatlar turlarini yanada kengaytirish, mijozlar uchun qulayliklarni oshirish va qishloq xo‘jaligida qo‘shilgan qiymat yaratishga qaratilgan taklif va tavsiyalarini berdi.