Qishloq xo‘jaligini moliyalashtirish va subsidiyalash tizimi takomillashtiriladi

09.12.2025 17:46
1859

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev paxtachilik va g‘allachilikni moliyalashtirish hamda agrar sohada subsidiyalarni berishning yangi tizimi haqidagi taqdimot bilan tanishdi.

Joriy yilda soha uchun jami 29 trillion so‘m ajratilgan, shundan 2,35 trillion so‘m subsidiya sifatida yo‘naltirilgan. Shu orqali fermerlar va klasterlar paxta yetishtirishda o‘z mablag‘idan foydalanib, resursni tejash imkoniga ega bo‘ldi. Misol uchun, 3430 fermer va klaster 151 ming gektar maydonda paxta yetishtirib, 1,9 trillion so‘mni tejaldi. Shuningdek, kreditlarni muddatidan oldin to‘lagan 9002 nafar fermer 2,5 trillion so‘m imtiyozli kreditni qaytardi.

Kelgusi yilda paxta va g‘alla hosili, subsidiyalar va boshqa xarajatlarga jami 34,2 trillion so‘m ajratish, qo‘shimcha 200 million dollar mablag‘ jalb qilish va 800 ta paxta terish mashinasi xarid qilish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, agrotexnik tadbirlar uchun 5 trillion so‘m qo‘shimcha ajratish va hosil yetishtirishda subsidiya tizimini takomillashtirish taklif etilmoqda.

Fermerlarni rag‘batlantirish maqsadida kredit ajratishda “intizomli bo‘lish – arzon kredit” modeli joriy qilinadi: “A” reytingli xo‘jaliklarga 2 foizga, “B” toifadagilarga 1 foizga past foiz stavkasi bilan kredit beriladi. Shu bilan birga, o‘z mablag‘i hisobidan bug‘doy yetishtirgan fermerlarga mahsulot qiymatining 10 foizi miqdorida subsidiya beriladi.

Agrar sohani qo‘llab-quvvatlashni takomillashtirish maqsadida Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Agrar sohada to‘lovlar agentligi tashkil etildi. Yangi tizimda 52 turdagi subsidiyalar soddalashtiriladi, inson omili qisqartiriladi, byurokratiya kamaytiriladi va barcha jarayonlar raqamlashtiriladi.

“Agrosubsidiya” axborot tizimi orqali 10 dan ortiq vazirlik va idoralar integratsiyalashadi. 2026-yil uchun mo‘ljallangan subsidiyalar proaktiv tarzda, ortiqcha hujjat va kelishuv bosqichlarini chiqarib tashlab, tezkor va soddalashtirilgan tartibda beriladi.

Davlat rahbari moliyalashtirish mexanizmlarini yanada takomillashtirish, subsidiyalarning manzilliligi va tezkorligini oshirish hamda fermerlar uchun qulay sharoit yaratish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish