2025-yil 15-iyul kuni Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Majlisda senatorlar, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Migratsiya agentligi vakillari, mahalliy Kengashlarning doimiy komissiyalari aʼzolari, Qo‘mita huzuridagi ekspert guruhi aʼzolari, Yoshlar parlamenti vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, mazkur Qonun mehnat migratsiyasi sohasidagi xizmat ko‘rsatish jarayonlarining shaffofligini taʼminlash, xususiy bandlik agentliklari faoliyatini tartibga solish, ularning masʼuliyatini kuchaytirish, shuningdek, ish beruvchilar va xodimlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratishga qaratilgan.
Qonun bilan xususiy bandlik agentliklarining huquqlari va majburiyatlarini kengaytirish, ish vaqtidan tashqari ishlashning davomiyligini belgilashga hamda ish vaqtidan tashqari ish uchun haq to‘lash tizimini takomillashtirish nazarda tutilmoqda.
Qayd etilganidek, mazkur normalar mehnat migratsiyasi sohasida qonuniylikni taʼminlashga, migrantlarning huquqlarini kafolatlashga, noqonuniy faoliyatga chek qo‘yishga hamda sohaga xususiy sektorni jalb etishga qulay imkoniyat yaratadi.
Senatorlar taʼkidlaganidek, ushbu Qonun xorijdagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlarini himoya qilishga, migratsiya xizmatlarini raqamlashtirish va sog‘lom raqobat muhitini yaratish orqali xususiy sektor ishtirokini rag‘batlantirishga, fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlarini taʼminlashga, tashkilotlarda ish unumdorligini oshirishga va xodimlarning daromadlarini ko‘paytirishga xizmat qiladi.