Davlatimiz rahbari joriy yilning 15 aprel kuni Andijon viloyatiga tashrifi davomida viloyatda 2025 yilda erishilishi rejalashtirilgan asosiy maqsadlarga oid taqdimot bilan tanishdi. Unda yil yakunigacha 305 ming nafar aholining daromadli ish bilan ta’minlanishi maqsad qilingani aytildi.
Bu shunchaki statistik ko‘rsatkich emas. Uning ortida minglab insonlarning hayoti, oilalarning farovonligi, yoshlarning kelajagi va butun viloyatning iqtisodiy barqarorligi turibdi. Soddaroq qilib aytganda, uch yuz mingdan ziyod inson ishga joylashishi, ularning ortidan kamida ikki kishi turmushi o‘zgarishi, natijada o‘rtacha 1 million odamning turmushi yaxshilanishini anglatadi.
Xo‘sh, ushbu maqsadga qanday erishiladi? Ya’ni raqam ortidagi strategiya qaysi sohalarni qamrab olgan?
Taqdimotda bu yo‘lda amalga oshiriladigan ishlar raqamlar misolida umumiy keltirib o‘tildi. Jumladan, 2025 yilda 5 milliard 700 million dollarlik 166 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. 31 turdagi yangi mahsulot olish yo‘lga qo‘yilib, 1,5 milliard dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi. Korxonalarni barqaror energiya bilan ta’minlash uchun 65 megavatt yangi quvvatlar barpo etiladi.
Endi ushbu ishlar qaysi sohalarni rivojlantirish orqali amalga oshirilishi xususida to‘xtalib o‘tish o‘rinlidir. Bilamizki, Andijon sanoat salohiyati bo‘yicha mamlakatning yetakchi hududlaridan biri sanaladi. Yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, mavjud korxonalarni modernizatsiya qilish hamda xorijiy investitsiyalarni jalb etish orqali katta bandlik salohiyati yaratiladi. Masalan, to‘qimachilik, avtosanoat, qurilish materiallari va oziq-ovqat sanoati kabi tarmoqlarda minglab yangi ish o‘rinlari shakllanadi.
Shuningdek, Andijon paxtachilik, bog‘dorchilik va sabzavot yetishtirish sohalarida ham katta tajribaga ega hududlardan biridir. Yengil sanoat bilan bog‘liq klasterlar (masalan, paxtadan matogacha bo‘lgan zanjir) bevosita qishloq aholisini ish bilan ta’minlashga xizmat qiladi. Shuningdek, dehqon xo‘jaliklarini rivojlantirish orqali o‘zini o‘zi band qilish imkoniyatlari kengayadi.
Ish o‘rinlari yaratish haqida gap ketganda, xizmat ko‘rsatish sohasini ham unutmaslik kerak. Zero, bugungi kunda savdo, umumiy ovqatlanish, logistika, turizm va boshqa xizmat sohalarida kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash orqali ishsizlikni kamaytirish yaxshi samara berib kelmoqda. Bu yerda, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Bandlikka oid rejalarni muhim qismi bu shubhasiz inson kapitalidir. Prezidentimiz tomonidan ta’kidlanganidek, har bir ish o‘rniga munosib mutaxassis tayyorlash, yoshlarni bozor talablariga mos kasblarga o‘qitish, qayta tayyorlash va malaka oshirish dasturlarini yo‘lga qo‘yish lozim. Bu nafaqat ishsizlikni kamaytiradi, balki mahsuldorlikni ham oshiradi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, 305 ming ish o‘rni yaratish bu faqat viloyatning bugungi muammolarini hal etish emas, balki uzoq muddatli barqaror rivojlanishiga yo‘l ochishdir, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu orqali birinchi galda fuqarolarning mamlakat ichida ish topish imkoniyatlari kengayadi, mehnat muhojirligi kamayadi, yoshlar orasida ishsizlik ko‘rsatkichi pasayadi, aholining real daromadlari ortadi.
Xulosa o‘rnida aytganda, Prezidentimizning Andijonga tashrifi viloyat tarixida yangi sahifa ochmoqda. Odamlarning kayfiyatini ko‘tarib, ularni yangi marralar sari ruhlantirmoqda. Zotan, bosh maqsad ham odamlar daromadini ko‘paytirish, xarid qobiliyatini oshirish va bandligini ta’minlash orqali ularni hayotdan rozi qilishdir.