“SHHT plyus” sammiti: nafaqat mintaqa, balki global miqyosdagi dolzarb tashabbuslar ilgari surildi

03.09.2025 17:09
404

Bugun dunyoda ziddiyat va beqarorliklar to‘lqini yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bir qit’ada qurolli nizolar avj olayotgan bo‘lsa, boshqa qit’ada esa iqtisodiy inqiroz, ijtimoiy adolatsizlik va resurslar tanqisligi kabi muammolar global barqarorlikka tahdid solmoqda. Shu bilan birga, terrorizm, ekstremizm va transchegaraviy jinoyatchilik kabi xavflar butun insoniyatni umumiy xavf ostiga qo‘ymoqda. Bunday sharoitda davlatlar o‘rtasida ishonch muhitini yaratish, uzoqni ko‘zlagan strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish siyosiy zaruratga aylangan.

Shu jihatdan, Tyantszin shahrida o‘tgan “SHHT plyus” sammiti va undagi muhokamalar butun dunyo e’tiborida bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning undagi nutqi esa nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqa uchun dolzarb g‘oya va takliflarga boy bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan xalqaro vaziyat hukm surayotgan bir paytda SHHT jahon miqyosida barqaror va adolatli tartibotni ta’minlashning mustahkam tayanchlaridan biridir. Bu holatning o‘ziyoq tashkilotning strategik o‘rni va istiqbolini ko‘rsatadi.

Prezident birinchi navbatda xavfsizlikka oid tashabbuslarni ilgari surdi. SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi bazasida Xavfsizlikka tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha universal markaz, shuningdek, Dushanbeda Narkotiklarga qarshi kurashish markazi tashkil etilganini olqishladi.

Bu markazlar nafaqat terrorizm va narkotrafikka qarshi, balki transmilliy jinoyatchilik, kiberxavfsizlik va chegarabuzarlik kabi global tahdidlarga qarshi ham samarali platforma bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Davlatlar tajriba almashib, birgalikda harakat qilsa, hech bir xavf chetda qolmaydi.

Prezident shuningdek, kelgusi yili Toshkentda mamlakatlarimizning vakolatli organlari rahbarlari, yetakchi ekspert va tadqiqotchilar ishtirokida birinchi “Xavfsizlik masalalari bo‘yicha SHHT plyus muloqoti”ni o‘tkazishni taklif qildi. Bu tashabbus orqali Toshkent yana bir bor xalqaro muzokaralar markaziga aylanadi.

Davlatimiz rahbarining yana bir muhim taklifi iqtisodiy yo‘nalishda bo‘ldi. U biznes sohasidagi muloqotlar uchun samarali maydon yaratish maqsadida barcha manfaatdor sheriklarni jalb etgan holda har yili “SHHT Invest” investitsiya forumini o‘tkazish taklifini bildirdi. Birinchi forumni kelgusi yili O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyor ekanini aytdi.

Bugun dunyoda iqtisodiy uzilishlar, sanksiyalar va savdo to‘siqlari kuchaygan bir paytda bunday platforma mintaqadagi davlatlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Investitsiya va savdo yo‘nalishidagi hamkorlik nafaqat iqtisodiy o‘sishni, balki barqaror rivojlanishni ham ta’minlaydi.

 

Davlatimiz rahbari yana bir jihatga alohida to‘xtaldi. SHHT mamlakatlari sun’iy intellekt, katta ma’lumotlar bazalari, robototexnika, biomuhandislik, muqobil energetika kabi ilg‘or yo‘nalishlarda katta sakrashni amalga oshirishga qodir ulkan ilmiy-texnik salohiyatga ega ekanligini ta’kidladi. Yangi g‘oyalarni generatsiya qilish, ilg‘or tashabbuslarni ishlab chiqish va texnologiyalar transferi uchun SHHT innovatsion-texnologik xablar tarmog‘ini yaratishni amaliy qadam sifatida taklif etdi.

Bu taklif ham kelajakni ko‘zlagan strategik tashabbusdir. Chunki sun’iy intellekt va “yashil” texnologiyalar XXI asr taraqqiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchlari hisoblanadi. Agar SHHT mamlakatlari bu sohada birlashsa, ular dunyodagi texnologik markazlardan biriga aylanishi mumkin.

Prezident yana bir muhim sohani ham yoddan chiqarmadi. Madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish umumiy manfaatlarimizga javob beradi va do‘st xalqlarimizni yaqinlashtirishga xizmat qilishini qayd etdi. “SHHT oilasi” madaniy rang-barangligi va boy qadriyatlarini ilgari surishga ko‘maklashadigan Buyuk Ipak yo‘li madaniy muloqotini tashkil etishni taklif qildi.

Bu tashabbus xalqlarning qalbi va madaniyatini yaqinlashtiradi. Chunki siyosat va iqtisod davlatlar o‘rtasida ko‘prik qursa, madaniy aloqalar ham undan kam vazifani bajarmaydi.

“SHHT plyus” formati doirasida ilgari surilgan tashabbuslar xavfsizlikdan tortib, iqtisod, innovatsiya va madaniyatgacha bo‘lgan hayotiy muhim sohalarni qamrab olmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimizning Tyantszin sammitidagi nutqi O‘zbekistonning nafaqat mintaqaviy, balki global siyosiy jarayonlarda ham faol va tashabbuskor ishtirokini yana bir bor tasdiqladi. Ishonch, tenglik va o‘zaro manfaatga asoslangan yondashuv mamlakatimiz tashqi siyosatidagi ustuvor qadriyatlar ekanini ko‘rsatdi. Ilgari surilgan taklif va tashabbuslar amalda o‘z ifodasini topadigan bo‘lsa, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti yangi bosqichda xavfsiz, barqaror va adolatga asoslangan hamkorlik makoniga aylanishi shubhasiz. O‘zbekiston esa bu jarayonda o‘z o‘rni va nufuziga ega davlat sifatida tashkilotning strategik rivojiga munosib hissa qo‘shishda davom etadi.

 
 
Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish