Sifatli taʼlim har qanday davlatning ertangi kunini belgilaydigan eng muhim sohalardan biridir. Bu tizimda olib borilayotgan islohotlarni doimiy ravishda, zamon talabidan kelib chiqib yangilab borish, jamiyat taraqqiyoti uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Davlatimiz rahbari raisligida maktab taʼlimi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida sohani yangi bosqichga olib chiqish, umuman olganda taʼlim sifatini oshirish borasida hayotiy zarur vazifalar belgilab berildi. Xususan, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi butun tizimi bilan “favqulodda to‘qson kunlik” tartibida ishlashi bo‘yicha topshiriq berildi.
Bu vaqt mobaynida o‘quvchilarning vaqtini mazmunli tashkil etish, telefonda haddan ziyod ko‘p vaqt o‘tkazayotgan yoshlar bilan ishlash, ularda ushbu qurilmadan foydalanish madaniyatini shakllantirish bo‘yicha ta’sirchan tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha favqulodda ish olib boriladi. Shuningdek, bolalarga mashina boshqarishni berganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha qonun loyihasi tayyorlanadi.
Aytish kerakki, ushbu tashabbuslar bevosita taʼlim sifatini oshirishga xizmat qiladi. Istaymizmi yo‘qmi, yoshlarning ijtimoiy tarmoqlarga vaqt sarflayotgani, ularning bilim olishiga bo‘lgan qiziqishini pasaytiradi, diqqat va e’tiborni jamlash qobiliyatini susaytiradi. Shu ma’noda bu borada amaliy choralarni ko‘rish kechiktirib bo‘lmaydigan masaladir.
Yig‘ilishda taʼlim sifatini oshirish masalasi qayta-qayta tilga olingani bejiz emas. “Taʼlimda sifat bo‘lishi uchun eng avvalo pedagoglarni tayyorlash va malakasini oshirish tizimi bunga tayyor bo‘lishi kerak”, – dedi Prezidentimiz. Haqiqatan ham shunday. Zotan, sifatli taʼlimsiz, malakali kadrlarsiz, jamiyatda, mamlakatda yuksalish bo‘lmaydi. Qolaversa, hammamiz o‘qigan, zamonaviy ilm va hunarlarni puxta egallagan, o‘g‘il-qizlarini shu ruhda tarbiyalagan xalqlar, davlatlar jadal rivojlanib borayotganini ko‘ryapmiz, guvohi bo‘lyapmiz. Shu bois videoselektor yig‘ilishida davlat rahbari tomonidan yoshlarning shunday yuksak darajaga ko‘tarilishi uchun zarur imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan muhim masalalar belgilab berildi.
Xususan, Avloniy malaka oshirish instituti transformatsiya qilinib, uning 13 ta hududiy markazi qayta tashkil etilishi belgilandi. Nizomiy oliygohi – Milliy pedagogika universiteti sifatida tayanch oliygoh, uning rektori esa bir vaqtning o‘zida kadrlar tayyorlash bo‘yicha vazir o‘rinbosari hisoblanadi. Hududlardagi 12 ta pedagogika oliygohi ham MMTV tizimiga o‘tkazildi. Pedagog, talaba va o‘quvchilar bilim va ko‘nikmasini baholashning yagona tizimi yaratilib, mustaqil bo‘lgan Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi tashkil qilindi.
Endilikda mutasaddilar yaratilgan imkoniyatlar asosida kadrlar tayyorlash, malakasini oshirish va ularni baholash bo‘yicha mutlaqo yangi tizimni joriy qilishi belgilandi.
Bir so‘z bilan aytganda, yig‘ilishda belgilab berilgan ustuvor vazifalar mamlakatimiz taʼlim tizimini tubdan o‘zgartirish, uni xalqaro standartlarga integratsiyalash, mehnat bozori talabiga mos yuqori malakali mutaxassis kadrlar tayyorlash borasida izchil islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.