Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan jismoniy tarbiya va sport sohasini yangi bosqichga olib chiqish, aholini ommaviy sportga keng jalb etish, seleksiya va tayyorgarlik tizimini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi mamlakatimizda sportni rivojlantirish davlat siyosati darajasidagi ustuvor yo‘nalish ekanini yana bir bor yaqqol namoyon etdi.
Mazkur yig‘ilishda sport nafaqat musobaqa yoki natija, balki sog‘lom turmush tarzi, intizom, vatanparvarlik va mamlakat nufuzini yuksaltiruvchi muhim ijtimoiy kuch sifatida baholangani ahamiyatlidir. Bu yondashuvning eng muhim jihati shundaki, sportga faqat yuqori natijalar nuqtayi nazaridan emas, balki inson salomatligi, yoshlar tarbiyasi va jamiyat barqarorligi nuqtayi nazaridan ham qaralmoqda.
Ommaviy sport rivojlangan jamiyatda fuqarolarning jismoniy faolligi ortadi, sog‘lom turmush madaniyati shakllanadi, yoshlarning bo‘sh vaqti mazmunli tashkil etiladi. Bu esa kelajakda nafaqat kuchli sportchilarni, balki sog‘lom, intizomli va vatanparvar avlodni tarbiyalashga xizmat qiladi. Shu maʼnoda, videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar mamlakat taraqqiyotining ijtimoiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgani bilan ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Yig‘ilishda seleksiya va tayyorgarlik tizimini takomillashtirish masalasiga alohida urg‘u berilgani ham bejiz emas. Katta sportda g‘alaba tasodifiy emas, balki mahalla, maktab, sport muassasasi va federatsiya o‘rtasidagi uzviy hamkorlik, iqtidorni erta aniqlash va uni to‘g‘ri yo‘naltirish natijasidir. Aynan shu jihatdan qaraganda, sport sohasida “mahalla, maktab, sport muassasasi va federatsiya” zanjiri asosida mutlaqo yangi yondashuv joriy etilayotgani bugungi islohotlarning eng dolzarb va strategik yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu tizim orqali har bir hududdagi iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularni qo‘llab-quvvatlash va yuqori bosqichga olib chiqish imkoniyati yanada kengayadi.
Shu bilan birga, ommaviy sport infratuzilmasini rivojlantirish, mahallalarda sportga qamrovni oshirish, maktab va oliy taʼlim muassasalarida sport klublari faoliyatini kuchaytirish, sport natijadorligini aholining salomatlik ko‘rsatkichlari bilan bog‘lab baholash kabi vazifalar belgilangani islohotlarning qamrovi naqadar keng ekanini ko‘rsatadi.
Bu esa sportni alohida soha emas, balki millat salomatligi, ijtimoiy faollik va hududlar taraqqiyotini taʼminlovchi muhim omil sifatida ko‘rishga asos bo‘ladi. Ayniqsa, mahallada sportga qamrov oshishi, aholi salomatligi yaxshilanishi, yurak-qon tomir va diabet kabi kasalliklarning kamayishiga erishilishi bu boradagi ishlarni rag‘batlantirishning naqadar to‘g‘ri va hayotiy yondashuv ekanini ko‘rsatadi.
Yig‘ilishda paralimpiya va adaptiv sportga qaratilayotgan alohida eʼtibor ham mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash siyosatining amaliy ifodasidir. Parasport bo‘yicha musobaqalarni kengaytirish, inklyuziv sport bo‘yicha tayanch oliygohni belgilash, parasportchilarga hamrohlik qiluvchi shaxslarning mehnatini munosib qo‘llab-quvvatlash kabi tashabbuslar jamiyatimizda teng imkoniyatlar muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu qarorlar orqali davlatimiz nogironligi bo‘lgan shaxslarning ham sportda, ham ijtimoiy hayotda to‘laqonli ishtirokini taʼminlashga qatʼiy bel bog‘laganini namoyon etmoqda.
Mazkur videoselektor yig‘ilishida sport sohasidagi muammolar ham ochiq va tanqidiy ruhda tahlil qilindi. Ayrim hududlarda mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayotgani, sport maktablari, oliygohlar va sport bazalarida ish samaradorligi pastligi qayd etildi. Bu esa sohada yuzaki hisobot emas, balki aniq natija va amaliy samara talab qilinayotganini anglatadi. Eng muhimi, muammolar bilan bir qatorda ularni hal etish bo‘yicha aniq mexanizmlar, rag‘batlantirish choralari va masʼuliyat tizimi ham belgilab berilmoqda. Bu esa islohotlarning hayotga izchil tatbiq etilishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur yig‘ilish sport sohasini rivojlantirishga doir navbatdagi tashkiliy tadbir emas, balki mamlakatimizda sog‘lom va kuchli jamiyatni barpo etishga qaratilgan muhim siyosiy-ijtimoiy dasturning mantiqiy davomidir. Sportga eʼtibor bu, avvalo, insonga eʼtibor, yoshlarga eʼtibor va millat kelajagiga eʼtibordir. Shu maʼnoda, Prezidentimiz rahbarligida belgilab berilgan vazifalar va tashabbuslar nafaqat bugungi sport sohasi, balki ertangi sog‘lom, faol va raqobatbardosh jamiyat poydevorini mustahkamlashga xizmat qiladi.