Prezident Shavkat Mirziyoyev suv resurslaridan samarali foydalanish va suv tejovchi texnologiyalarni kengaytirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Raqamlar esa jiddiy o‘zgarishlarni ko‘rsatmoqda.
Bugun mamlakatda suv tejovchi texnologiyalar 2,6 million gektar yerda joriy qilingan. Bu sug‘oriladigan maydonlarning 60 foizi degani. Taqqoslash uchun: 2017-yilgacha bu ko‘rsatkich atigi 19 ming gektar edi. Natijada har yili 2,5 milliard kub metr suv tejalmoqda.
Yangi maqsad — 2028-yilgacha 80 foizga yetkazish.
Rejaga ko‘ra, yana 930 ming gektar maydonda zamonaviy texnologiyalar o‘rnatilib, umumiy maydon 3,5 million gektarga yetadi. Bu esa yiliga 3,5 milliard kub metr suvni tejash, 300 ming gektar yerning suv ta’minotini yaxshilash imkonini beradi.
Fermerlar uchun kuchli rag‘batlar:
— suv bilan ta’minlanishi og‘ir hududlarda subsidiya 1,25 barobar oshiriladi;
— o‘z mablag‘i hisobidan texnologiya joriy qilganlarga subsidiyaning 50 foizi oldindan beriladi;
— tomchilatib va diskret sug‘orish joriy etilgan don maydonlari ham endi subsidiyalanadi;
— bank kreditlari bo‘yicha foizlar qisman qoplab beriladi.
Pudrat tashkilotlari kamida 2 yil kafolat, 5 yil servis berishi shart bo‘ladi. Suvdan noto‘g‘ri foydalanish va isrof qat’iy nazoratga olinadi.
Suvdan foydalanish ustidan nazorat kuchaytirilib, “aqlli” suv o‘lchash uskunalari, “Suv hisobi” axborot tizimi, dronlar orqali monitoring hamda tekshiruvlarni yonkameralar yordamida amalga oshirish yo‘lga qo‘yiladi.
Bu yil “Suvchilar maktabi” doirasida 10 ming fermer xodimi malaka oshiradi, 358 nafar mutaxassis xorijda o‘qitiladi.