Tarixiy nutq Yangi O‘zbekistonning siyosiy pozitsiyasini, global muammolarga bo‘lgan yondashuvini yaqqol namoyon etdi

07.04.2025 22:00
34

Davlatimiz rahbarining Parlamentlararo Ittifoqning 150-assambleyasidagi nutqini diqqat bilan tingladik. Mubolag‘asiz aytish kerakki, qariyb 190 ta mamlakatning parlament vakillari ko‘z o‘ngida Prezidentimizning so‘zga chiqishi tarixiy voqelik bo‘ldi. Bu nafaqat Yangi O‘zbekistonning siyosiy pozitsiyasini, balki global muammolarga bo‘lgan yondashuvini ham yaqqol namoyon etdi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.

Sermazmun nutqda birinchi navbatda, xalqaro munosabatlarda o‘zaro ishonch va muloqot madaniyatini mustahkamlash zarurligi alohida ta’kidlandi. Bu esa ayni paytda dunyodagi geosiyosiy taranglik va qarama-qarshiliklarni yumshatishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Davlatimiz rahbari barqaror rivojlanish, iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi, inson huquqlari va gender tengligi masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Global muammolarga bunday keng qamrovli va konstruktiv yondashuv O‘zbekistonning xalqaro maydonda faol va mas’uliyatli ishtirokchi ekanligini yana bir bor butun dunyoga namoyon etdi.

Ayniqsa, nutqda yoshlar masalasi va ularning siyosiy, ijtimoiy hayotdagi faol ishtirokini ta’minlash haqida aytib o‘tilgan dolzarb taklif ham tashabbuslar hech kimni befarq qoldirmadi. Xususan, nutqda milliy parlamentlar hamda Ittifoq faoliyatiga yoshlarni faol jalb etib, doimiy muloqotni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Bu borada Parlamentlararo Ittifoq tizimi doirasida Yoshlar parlamentlari global platformasini tashkil etish va uning ta’sis forumini O‘zbekistonda o‘tkazish taklifi bildirildi. Aytish kerakki, yosh avlodning parlament faoliyatidagi ishtirokini rag‘batlantirish g‘oyasi, global miqyosda yangi, zamonaviy va ochiq siyosiy madaniyatni shakllantirishga xizmat qiladi.

Majlisning bevosita ishtirokchisi sifatida shuni alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman. Deyarli ikki kundan buyon dunyoning turli mamlakatlari parlament vakillari bilan fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdamiz. O‘zaro suhbat davomida ularning mamlakatimiz haqidagi fikrlarini so‘rashimiz tabiiy, albatta. Ular O‘zbekiston barcha sohalarda tez rivojlanayotgan davlatlardan biri ekanligi, ayni paytda naf13aqat Markaziy Osiyoda, balki butun dunyoda o‘z so‘zi va qat’iy pozitsiyasiga ega bo‘lgan davlatga aylangani va ushbu yutuqlarning asosiy muallifi sifatida Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni e’tirof etishdi.

Haqiqatan ham shunday. Zero, Prezidentimiz nutqi o‘z mazmuni va ruhi bilan dunyo hamjamiyatini muloqot va hamkorlikka, umuminsoniy qadriyatlarni himoya qilishga qaratilgani bilan tarixiy ahamiyatga egadir. Nutqdagi real taklif va tashabbuslar esa amaliy jihatdan xalqaro siyosatga yangi ijobiy ruh va konstruktiv yondashuv olib kiradi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish