Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi majlisida “Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.
Majlisda senatorlar, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining doimiy komissiyalari aʼzolari, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining vakillari, Migratsiya agentligi mutaxassislari, ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, Qonun O‘zbekiston fuqarolarining xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishi va chet el fuqarolarining mamlakatda mehnat faoliyatini amalga oshirishi bilan bog‘liq huquqiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.
Ammo oxirgi yillarda mamlakatimizda olib borilgan maʼmuriy islohotlar mazkur sohani boshqarish tizimida qator o‘zgarishlar amalga oshirilgan. Jumladan, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tugatilib, uning barcha vazifalari va huquqiy majburiyatlari Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etilgan Migratsiya agentligiga o‘tkazilgani Qonun normalarini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda.
Muhokama davomida Qonunning bir qancha moddalaridagi vakolatlar, monitoring tizimlari, fuqarolarni vatanga qaytarish mexanizmi va mehnat faoliyatiga ruxsat berish tartibidagi huquqiy ziddiyatlar hamda nomuvofiqlik holatlariga alohida eʼtibor qaratildi.
Senatorlar tomonidan Qonunning ayrim normalari bugungi kundagi islohotlar natijasida o‘z dolzarbligini yo‘qotganligi sababli “Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida”gi Qonunning davlat organlari, shu jumladan maxsus vakolatli organga doir moddalarini qayta ko‘rib chiqish va maromiga yetkazish zarurligi qayd etildi.
Muhokama yakunida Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.