Prezident farmoniga muvofiq, 2025-yil 1-maydan boshlab Toshkent, Nukus va viloyat markazlarida yangi sanoat loyihalari uchun taqiqlar joriy etilmoqda.
Bu chora, ekologik xavfsizlikni ta'minlash va "yashil iqtisodiyot" yilini qo'llab-quvvatlash maqsadida ko'rilmoqda.
Hujjatga ko‘ra, quyidagilar bilan bog‘liq yangi korxonalarni tashkil etish taqiqlanadi:
· asbest, sement, shlam va shlaklar ishlab chiqarish;
· charm-teri va parrandachilik sanoati;
· zamonaviy chang tutish va gaz tozalash tizimlari bo‘lmagan ko‘mirni yoqish;
· metallurgiya (qora va rangli), zararli kimyoviy qo‘shimchali shisha ishlab chiqarish;
· xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan (I va II sinf) chiqindilarni qayta ishlash va yoqish.
Shuningdek, bu faoliyat turlariga mansub mavjud loyihalar shahar tashqarisiga ko'chirilishi ko'zda tutilgan.
Bu taqiqlar va ko'chirish choralari atrof-muhitni muhofaza qilish va fuqarolar salomatligini yaxshilashga qaratilgan. Joriy etilgan cheklovlar bilan bir qatorda, davlat tomonidan yangi sanoat korxonalari faoliyatini bosqichma-bosqich shahar tashqarisiga ko'chirish rejalashtirilmoqda, bu esa ekologik barqarorlikni ta'minlash va hududlarda yangi ish o'rinlari hamda infratuzilma obyektlarini barpo etish imkonini beradi.