Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga qaratilgan muhim muloqot maydoni

04.05.2026 18:09
1144

Xalqimiz azal-azaldan onaga, ayolga alohida ehtirom ko‘rsatib kelgan. Bu bejiz emas. Zero, ayol bir qo‘li bilan beshikni tebratsa, bir qo‘li bilan dunyoni tebratadi. U yelkasida farzand tarbiyasi, uy-ro‘zg‘or tashvishi bilan birga hayotning turli qiyinchiliklarini sabr-bardosh bilan yengib o‘ta oladigan matonatli zot.

Shu bois, mamlakatimizda xotin-qizlarning davlat va jamiyat hayotida tutgan o‘rni va nufuzini oshirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Opa-singillarimizning hayot va mehnat sharoitlarini yaxshilash, ularga daxldor ijtimoiy muammolarni hal etishga ustuvor ahamiyat qaratilayotir. Buning natijasida xotin-qizlarimizning qadami tegmagan joy, ular egallamagan soha qolmadi hisob. Ular o‘qituvchilik, xususiy tadbirkorlik, fermerlik, harbiylik, umuman, ijtimoiy sohadан tortib, iqtisodiyot, sanoat, davlat va jamiyat qurilishi sohasida faollik ko‘rsatmoqda.

Shu ma’noda Prezidentimizning Osiyo xotin-qizlarining ikkinchi forumi ishtirokchilariga yo‘llagan murojaati Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, ayollarni milliy yuksalishning faol ishtirokchisiga aylantirish borasidagi chora-tadbirlarning amaliy ifodasi bo‘ldi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Murojaatda ilgari surilgan konseptual g‘oyalar qit’amizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish hamda ularning bunyodkorlik salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish yo‘lidagi qat’iy qadamlarni yangi bosqichga olib chiqishi bilan g‘oyat ahamiyatlidir.

“Bugun Osiyo qit’asida istiqomat qilayotgan 5 milliardga yaqin aholining qariyb yarmini ayollar tashkil etadi. Biz ularning timsolida nafaqat nafosat sohibalarini, balki mamlakatlarimiz taraqqiyotini jadallashtirish, xalqlar farovonligini yuksaltirish va adolatli dunyoni barpo etish yo‘lidagi ulkan bunyodkor kuchni ko‘ramiz”, - dedi xalqaro forum ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida davlatimiz rahbari.

Ta’kidlanganidek, ayolga e’tibor, avvalo, inson shaxsiga bo‘lgan yuksak ehtirom namunasidir. Bugungi kunda yangi tahrirdagi Konstitutsiya va “O‘zbekiston - 2030” strategiyasi doirasida xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishning mustahkam institutsional asoslari yaratildi.

Bu esa ayollarning jamiyatdagi o‘rnini siyosiy darajada mustahkamlovchi hayotiy kafolat bo‘lib xizmat qilmoqda. Amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar natijasida davlat boshqaruvida ayollar ulushining 35 foizga yetgani qarorlar qabul qilish jarayonida inklyuzivlikni ta’minlamoqda.

Magistraturada tahsil olayotgan xotin-qizlar sonining 11 karraга oshgani millatning intellektual salohiyatini yuksaltirish yo‘lidagi strategik yutuqdir. Mamlakatimizning “Parlamentdagi ayollar” xalqaro reytingida 193 ta davlat ichida 35-o‘ringa ko‘tarilgani esa O‘zbekiston tajribasi jahon hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etilayotganidan dalolat beradi.

Murojaatda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar bo‘yicha yangi platforma tashkil etish taklifi xotin-qizlarning nafaqat iqtisodiy mustaqilligini ta’minlashga, balki ularni yuqori texnologik sohalarda yetakchi mutaxassislarga aylantirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, 15-may - Xalqaro oila kuni arafasida oilaviy qadriyatlarni asrash bo‘yicha ilmiy muassasalar tarmog‘ini shakllantirish g‘oyasi ham nihoyatda dolzarbdir. Bu zamonaviy ayol timsolida faol jamiyat a’zosi hamda oila qo‘rg‘onining mustahkam ustuni bo‘lgan mehridaryo ona siymosini uyg‘un holda ko‘rish imkonini beradi.

Mazkur forum Osiyo mintaqasida xotin-qizlarning rolini yangi bosqichga olib chiqishda muhim muloqot maydoni bo‘lmoqda. Bu galgi anjuman ham kelgusida mintaqa mamlakatlari o‘rtasida ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, gender tenglik tamoyillarini qaror toptirish va barqaror taraqqiyot yo‘lida yangi strategik tashabbuslarni hayotga tatbiq etishga yo‘l ochishi, shubhasiz.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish