Iqtisodiyotda investitsiyalarni keng miqyosda jalb etishga erishish ko‘plab sohalar, tarmoqlar hamda hududlarga yangi texnologiyalar, ilg‘or tajribalar, yuksak malakali mutaxassislar kirib kelishi va tadbirkorlikning jadal rivojlanishiga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbarining joriy yilning 5 aprel kuni Andijon viloyatiga boshlangan tashrifida ham shu masalaga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Prezidentimiz Andijon shahrida qurilgan “WBM Romitex” klasterining yangi korxonasiga tashrif buyurdi va u yerda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi. “WBM Fabrics” nomli ushbu korxona qayta ishlash zanjirining navbatdagi bosqichi hisoblanadi. Umumiy qiymati 50 million dollarlik investitsiya loyihasi doirasida zamonaviy sanoat inshooti qurilib, Italiya va Germaniyadan yuqori texnologik uskunalar keltirib o‘rnatildi. Matoni bo‘yash va gul solish yo‘lga qo‘yildi. Korxona yiliga 24 ming tonna shunday xaridorgir mahsulot tayyorlash quvvatiga ega. Loyiha doirasida 600 ta doimiy ish o‘rni yaratildi.
Albatta, hududlarda bu kabi korxonalar o‘z-o‘zidan ko‘payib borayotgani yo‘q. Bularning barchasi so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekiston o‘z oldiga qo‘ygan yuksak marralarga erishishda xalqaro moliya tashkilotlari, xorijiy davlatlar va yetakchi kompaniyalar bilan yaqindan hamkorlik qilayotganini, xorijiy investorlar uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochilayotganini, shubhasiz, chet ellik malakali mutaxassislar, raqobatbardosh mehnat resurslarini jalb qilishga zamin yaratmoqda.
Muhimi, shiddat bilan olib borilayotgan islohotlar birinchi navbatda inson qadrini oshirishga qaratilgani, mahalliy va chet ellik investorlar teng huquqlar asosida biznes qilishi uchun imkoniyatlar yaratilayotgani O‘zbekistonga sarmoya kiritish istagida bo‘lgan xorijlik sarmoyadorlarga ishonch va kuch bag‘ishlamoqda.
O‘tgan davrda investorlar huquqlarini ishonchli himoya qilish borasida ham muayyan ishlar qilindi. Chet ellik investorlar uchun ko‘chmas mulk sotib olish, O‘zbekistonga kelib-ketish va yashash shartlari keskin soddalashtirildi. Investorlar huquqlarini sud orqali kafolatli himoya qilish borasida katta qadamlar qo‘yilmoqda. Bu borada ma’muriy sudlarning nufuzi oshirilib, ularga katta vakolatlar berildi.
Asosiysi, natijalar faqat qog‘ozlardagina emas, bevosita hayotimizda, tadbirkorlar faoliyatida aks etmoqda. Davlatimiz rahbari tashrif buyurgan Andijon shahridagi korxona bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Faoliyati tashqi bozorga ixtisoslashgan mazkur korxonaning yillik eksport hajmi 55 million dollarni tashkil etadi.
Umuman olganda, mamlakatimizning rivojlangan hududlaridan biri Andijonda davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan galdagi muhim vazifalar ijrosi yaqin bir necha yil ichida xorijiy investitsiyalarning kirib kelish ko‘lami yanada oshishiga xizmat qiladi. O‘z navbatida, mahalliy ishlab chiqaruvchilar, xizmat ko‘rsatuvchilar uchun sog‘lom raqobat muhiti shakllanadi. Bu esa viloyatning eng chekka hududlarida ham yangi ish o‘rinlari yaratish, iste’mol bozorini to‘ldirish bilan bir qatorda, aholining daromadi hamda turmush farovonligi oshishiga xizmat qiladi.