Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev diplomatik ishchanlik, bir tashrif doirasida ko‘p hamda samarali uchrashuv va muloqotlar o‘tkazish bo‘yicha dunyodagi eng faol rahbarlardan biri ekani haqidagi fikrlar bejiz emas.
BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi munosabati bilan AQShning Nyu-York shahriga tashrif davomida davlatimiz rahbari o‘tkazgan diplomatik uchrashuv va muloqotlar soni hamda salmog‘i bu fikrning amaliy isbotidir.
Mamlakatimiz yetakchisi an’anaga muvofiq, har bir imkoniyatdan unumli foydalanib, 5 kunlik tashrif davomida 30 ga yaqin ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etdi. Xususan, 4 ta xalqaro tashkilot, 5 ta davlat rahbari, shuningdek, xalqaro moliyaviy institutlar va AQShning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Jumladan, Xalqaro valyuta jamg‘armasi rahbari bilan uchrashuvda pul-kredit va fiskal siyosatni rivojlantirish, statistika tizimini transformatsiya qilish bo‘yicha jamg‘armaning ekspertlik yordamini davom ettirish masalalari muhokama qilindi. Toshkentda mintaqaviy ofisi ochilgan Jahon banki bilan strategik sheriklikni yanada kengaytirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Mamlakatimizning Jahon savdo tashkiloti bosh direktori bilan uchrashuvida esa tashkilotga a’zo bo‘lish borasidagi amaliy hamkorlikni mustahkamlash jihatlari muhokama qilindi hamda 2026 yilda muzokaralarni yakunlab, O‘zbekistonning JSTga to‘liq a’zoligi muhim ekani ta’kidlandi.
Amaliy tashrif doirasida Prezidentimiz ishbilarmonlik dasturi asosida AQShning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy korporatsiyalari bilan muhim minerallar sohasida hamkorlikni rivojlantirish, korporativ boshqaruv tizimi, bank, investitsiya va moliya xizmatlarini ko‘rsatish, kapital bozorlari hamda aktivlarni boshqarish sohalarini muhokama qildi. AQShning ushbu yirik kompaniya va tashkilotlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Masalan, dunyodagi eng yirik aviatsiya va kosmik texnika ishlab chiqaruvchilardan biri — “Boeing Global” kompaniyasi rahbari bilan uchrashuv butun jahon hamjamiyatida katta qiziqish uyg‘otdi. O‘zbekiston ushbu kompaniyaning ko‘p yillik strategik hamkori hisoblanadi. Bu galgi tashrif chog‘ida O‘zbekiston Boeing kompaniyasi bilan 22 ta 787 Dreamliner samolyotini xarid qilish bo‘yicha bitim imzoladi. Bu bitim AQSh uchun katta iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lsa-da, O‘zbekiston uchun yanada foydaliroq bo‘ladi.
Ya’ni, milliy aviakompaniyamiz parki yangi va zamonaviy laynerlar bilan boyiydi, xalqaro reyslar soni va geografiyasi kengayadi, turizm va investitsiyalar oqimi ortadi, mamlakatning ochiqligi va jozibadorligi yanada oshadi. Natijada iqtisodiyotga milliardlab to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar kirib keladi. Bu bitim faqat aviatsiya sohasining emas, balki O‘zbekistonning xalqaro imiji, iqtisodiyoti va turizmini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.
Aytish mumkinki, O‘zbekiston bugun o‘z salohiyatiga ishonmoqda — turizm ham, aholining faolligi ham sezilarli oshgan. Ilgari yurtimizga 5 million turist kelish ehtimoli haqida gap ketgan bo‘lsa, hozir bu raqam allaqachon 10 millionlik marradan oshdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQShning 50 dan ortiq yirik kompaniya va bank rahbarlari bilan o‘tkazgan muzokaralarida AT, sun’iy intellekt, raqamlashtirish, transport, energetika va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda aniq loyihalarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.
Tashrif yakunida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi. Ular orasida umumiy qiymati 100 milliard dollardan ortiq bo‘lgan shartnomalar va istiqbolli loyihalar portfeli shakllantirildi. Bu orqali mamlakat iqtisodiyoti yanada yuksaladi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi, aholiga xizmat ko‘rsatish sifati oshadi, hududlarda infratuzilma yaxshilanadi va pirovardida xalq farovonligiga xizmat qiladi.
O‘zbekiston rahbarining AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvi tashrifning eng muhim voqealaridan biri bo‘ldi. Muzokaralarda ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada rivojlantirish, hamkorlikni kengaytirish yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqida esa BMTning global muammolarni hal etishdagi asosiy platforma sifatidagi o‘rni, shuningdek, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Nutqdagi har bir g‘oya va tashabbus — Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, Yangi Markaziy Osiyoni shakllantirish, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, yoshlar, ma’rifatparvar islom dini va boshqa yo‘nalishlarda global hamkorlikni ilgari surish tashabbuslari — jahon hamjamiyatining e’tiborini tortdi.
Shuningdek, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlik ham yuqori darajada rivojlanmoqda. Doimiy tarzda ikki mamlakat parlament a’zolarining o‘zaro tashriflari amalga oshirilmoqda. AQSh Kongressining “O‘zbekiston bo‘yicha kokus” (do‘stlik guruhi) faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Har yili Kongressda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi “O‘zbekiston kunlari” tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.
Mamlakatimiz yetakchisining AQSh Kongressi a’zosi, Vakillar palatasidagi “O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha kokus” raisi Trent Kelli bilan uchrashuvida O‘zbekiston–AQSh strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish, shu jumladan, parlamentlararo muloqotni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
AQShdagi uchrashuv va muloqotlarning har biri muhim bo‘lib, ularning barchasida xalqimiz va mamlakatimiz manfaatlari ko‘zda tutilgan masalalar muhokama qilindi hamda muhim kelishuvlarga erishildi.
Prezidentimizning ushbu yubiley sessiyadagi ishtiroki va AQShga amaliy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar hamda yuz milliardlab dollarlik shartnomalar O‘zbekiston tarixida o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi, deb ishonch bilan aytish mumkin.