Nafaqat Yevropa qit’asi, balki jahonning rivojlangan davlatlaridan biri bo‘lgan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron tomonidan o‘zbek tilida aytilgan ushbu so‘zlar avvalo tariximizga, millatimizga, tilimizga bo‘lgan yuksak hurmat belgisi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, bu – davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning ichki va tashqi siyosati nafaqat Markaziy Osiyoda, balki dunyo miqyosida millatlar va elatlar o‘rtasida qardoshlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, ularni yangi bosqichga olib chiqish orqali mamlakatlar o‘rtasida tinchlik va totuvlikni mustahkamlashda namunaga aylanganining xalqaro hamjamiyat tomonidan ochiq tan olinayotganining yorqin namunasidir.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy, ta’lim sohasidagi aloqalar uzoq asrlarga borib taqaladi. Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Sohibqiron Amir Temur Fransiya qiroli Sharl VI bilan maktub almashib, mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga e’tibor qaratgan. Yevropaning boshqa davlatlariga qaraganda Frantsiyada buyuk Sohibqiron va temuriylar haqida ko‘plab ilmiy va badiiy asarlar yaratilgan, buyuk jahongirning davlatchilik siyosati chuqur o‘rganilgan. Aynan ushbu yurtda Sohibqiron sharafiga ilk bor oltindan haykal ishlangan.
Xalqlarimiz o‘rtasidagi tarixiy aloqalar ikki mamlakat rahbarlarining sa’y-harakatlari bilan bugungi kunda o‘zining eng yuqori darajasiga ko‘tarildi. Bu borada har ikki mamlakat uchun hamkorlikning muhim yo‘nalishi bo‘lgan ilm-fan, ta’lim sohasidagi hamkorlik gullab-yashnayotgani quvonarlidir. Zero, bugungi globallashuv davrida ilm-fan va ta’limga e’tibor qaratmasdan uzoqqa borib bo‘lmaydi. Binobarin, bu sohalardagi hamkorlik esa mamlakatlarning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga beqiyos hissa qo‘shadi.
Xususan, Parij shahrida bo‘lib o‘tgan “Ilm-fan va ta’lim: O‘zbekiston–Fransiya ko‘prigi” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ham ikki mamlakat o‘rtasidagi ilm-fan hamkorligining yangi bosqichini boshlab berdi.
Ushbu konferensiyaning ahamiyati shundaki, ta’limda innovatsion texnologiyalar bo‘yicha tajriba almashish, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, xalqaro tajriba asosida ta’lim dasturlarini yanada takomillashtirish nazarda tutilmoqda.
Masalaning yana bir muhim jihati – O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari va Fransiya oliygohlari o‘rtasida bir qator manfaatli shartnomalar, bitim va kelishuvlar imzolandi. Misol uchun, Farg‘ona davlat universiteti va Puatye universiteti o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish maqsadida anglashuv memorandumi imzolandi. Endilikda bu kelishuv doirasida professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, malaka oshirish va stajirovka, qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy-tadqiqot hamkorligi amalga oshiriladi.
Umuman olganda, davlatimiz rahbarining ushbu mamlakatga rasmiy tashrifi, aytish mumkinki, barcha sohalar qatori fan, ta’lim va madaniyat sohalarida ham keng ko‘lamli sheriklik munosabatlarini kengaytirishga turtki bo‘ldi. Eng muhimi, ikki tomonlama munosabatlarning keng qamrovli yo‘nalishida samarali hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi. Zero, bugungi kunda tomonlar hamkorlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish, munosabatlarni keng qamrovli sheriklikning yangi bosqichiga olib chiqishga qat’iy intilmoqda.